Erkaklarning “sho‘ri quridi”. Xotin-qizlarga oid yangi qonunda nimalar deyilgan?

Jamiyat

Endilikda shaxs o‘z turmush o‘rtog‘ini haqoratlab, qadr-qimmatini tahqirlasa, 6 mln so‘m jarimaga tortiladi, g‘arazli niyatlar bilan kaltaklab, badaniga og‘ir tan jarohati yetkazsa, 12 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Qolaversa, turmush o‘rtog‘ini haqorat qilgan, so‘kkan, tahqirlagan, qo‘rqitgan va urganlar javobgarlikka tortiladi. Bu haqda kecha, 11 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev imzo chekkan xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini takomillashtirishga doir tarixiy qonunda belgilab qo‘yildi.

Xotin-qizlarga “gap otganlar” qamoqqa olinishi mumkin

Yangi qonunga ko‘ra, birovga shilqimlik qilish, ortidan ergashib ta’qib qilish, tinmay telefon qilish va shahvoniy maylni ko‘rsatuvchi harakatlar uchun ham alohida javobgarlik kiritildi. Qonun bo‘yicha bunday xatti-harakatlar 1,5 mln so‘m jarimaga, yoki 5 sutka qamoq jazosiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shaxsning irodasiga qarshi harakatlar sodir etish – unga tinmay qo‘ng‘iroq qilish, uni qidirish, ish, o‘qish va yashash joyiga borib, orqasidan yurish esa o‘sha shaxs uchun o‘ta noqulaylik keltirib chiqaradi.

Chunki beozor ko‘ringan bunday qilmishning zo‘ravonlikka aylanishi o‘rtasida bir baxya bo‘lib, u jabrlanuvchining o‘z hayoti va sog‘lig‘i uchun asosli xavfsirashiga olib keladi.

Masalan, Yevropa Ittifoqi hududida o‘tkazilgan so‘rovlarda ishtirok etgan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan ayollarning 18 foizi ayblanuvchi ularni oldindan beozor ko‘rinishda ta’qib etib kelganligini bildirgan.

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, xotin-qizlarning shaxsiy foto yoki videotasvirini o‘z ichiga olgan axborotni uning roziligisiz tarqatish yoki shu bilan qo‘rqitish qilmishlari uchun Kanada, Germaniya, Angliya, Shotlandiya, Yaponiya, Avstraliya, AQSHdagi kabi jinoiy ta’qib belgilanib,  3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Qonunning imzolanishiga sabab bo‘lgan omil esa O‘zbekistonda ayollarga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonliklar soni yildan-yilga ortayotganidir. Masalan, 2021-2022 yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga oiladagi kamsitishlar bo‘yicha 72 mingta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 61 mingdan (85 foizdan) ortig‘i xotin-qizlarning kamsitilishiga taalluqli.

Himoya orderining muddati uzaytirildi

Afsuski, 2020 yilda joriy etilgan, tazyiq va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan jabrdiyda xotin-qizlarni himoya qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan beriladigan himoya orderlari ham oilada zo‘ravonlikka uchrayotgan ayollarni yetarlicha himoya qila olmayapti. Masalan, 2022 yilda ilgari himoya orderi berilgan xotin-qizlarning 12 nafari takroran zo‘ravonlikka uchragan.

Aslida zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxsga himoya orderi 30 kunga berilar edi. Lekin yangi qonun bilan bunday orderning muddati sud tomonidan 1 yil muddatgacha uzaytirilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, himoya orderi bilan zo‘ravonga nisbatan jabrlanuvchi yashaydigan turar-joy maydoni yoki uning bir qismidan foydalanish, jabrlanuvchining ish joyi boshqa joylarga yaqinlashishni muayyan vaqtga cheklash, muayyan joylarda bo‘lmaslik, narkologik kasallikdan davolanish kabi qo‘shimcha majburiyatlar yuklatish mumkinligi belgilanmoqda.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari esa xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma’muriy sudlarga bergan da’volar, arizalar va shikoyatlar yuzasidan davlat bojidan ozod qilinmoqda. Chunki shu paytgacha qo‘mita hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan sudlarga kiritiladigan da’volar bo‘yicha davlat bojini  to‘lash majburiyatining mavjudligi xotin-qizlarning huquqlari  va qonuniy manfaatlarini ta’minlash faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan edi. 

Bolalarni zo‘rlaganlar 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi va ularga amnistiya berilmaydi

O‘zbekistonda bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar ham yildan-yilga ko‘payib bormoqda. 

Xususan, 2019 yilda 16 yoshga to‘lmagan bola bilan jinsiy aloqa qilishda aybli deb topilganlar soni 99 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020 yilda – 153, 2021 yilda – 216, 2022 yilda – 238 nafarni tashkil etgan.

14 yoshga to‘lmagan bola bilan zo‘rlik ishlatib, jinsiy aloqaga kirishish jinoyatini sodir etganlar soni esa 2019 yilda – 52, 2020 yilda – 35, 2021 yilda – 57, 2022 yilda – 73 nafarni tashkil etgan.

Internetda bolalar pornografiyasini targ‘ib qiluvchi saytlar 2013 yildan 2017 yilga qadar 7 baravar oshib, 18,4 millionni tashkil etgan.

Bunday noxush holatlar takrorlanishining oldini olish maqsadida aholi orasida profilaktik ishlarni kuchaytirish, huquqbuzarlik sodir etganlarni esa qilmishiga yarasha jazolash uchun qonun xalqaro standartlarni o‘z ichiga qamrab olgan.

Qonunga ko‘ra, 14, 16 yoki 18 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxsning qilmishi, u jabrlanuvchining yoshidan xabardor bo‘lgan yoki bo‘lmaganligidan qat’iy nazar, jabrlanuvchining haqiqiy yoshidan kelib chiqib baholanishi va mutanosib og‘ir jazo, ya’ni 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Oldingi qonunga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan shaxsning roziligi bilan jinsiy aloqaga kirishgan ayblanuvchi jabrlanuvchining yoshini bilmaganligini bahona qilib, javobgarlikdan ozod bo‘lib qolish imkoniyatiga ega edi. Yangi qonunda bunday shaxslarning javobgarligining muqarrarligi ta’minlanib, ayblanuvchi jabrlanuvchining yoshini bilgan bilmaganligidan qat’iy nazar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortiladi.

Bu turdagi jinoyatlarning ijtimoiy xavfsizlik darajasi bir pog‘onaga orttirilib, ilgari ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kiruvchi qilmishlar uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarga, uncha og‘ir bo‘lmaganlari esa og‘ir jinoyatlar turkumiga kiritildi.

O‘z yaqinlari, yoshi kichik yoki nogironlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarning sodir etilishi, ularning tajovuzkordan himoyalanish imkoniyati cheklanganligi sababli alohida xavflilik darajasiga ega.

Ammo qonunchilik bunday qilmishlarni alohida og‘irroq jazoni nazarda tutuvchi modda bilan malakalash uchun yetarli imkoniyatlarga ega emas edi.

Yangi qonun bilan shaxs nafaqat amaldagi turmush o‘rtog‘i yoki yaqin qarindoshiga, balki sobiq turmush o‘rtog‘iga, bir ro‘zg‘or asosida birga yashayotgan yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga, nogironga yoxud o‘ziga o‘qitish yoki tarbiyalash uchun topshirilgan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qiladigan bo‘lsa, unga og‘irroq jazo, ya’ni ilgarigiday 3 yildan 7 yilgacha emas, balki 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilandi.

Eng muhim tomoni, bolalarning jinsiy erkinliklariga qarshi sodir etilgan jinoyatlar tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyatlarga tenglashtirilib, ularni sodir etgan shaxslarga nisbatan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari qo‘llanilmasligi belgilab qo‘yildi.

Bolalarning hayoti, sog‘lig‘i yoki axloqi uchun xavfli bo‘lgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning yagona reyestri tuzilib, ushbu reyestrga kirgan shaxslarning ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanmoqda.

Aliment to‘lamaganlar jamoat ishlariga majburiy jalb qilinadi

2021 yilda voyaga yetmagan farzandiga aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 5,3 mingdan ortiq fuqaro ma’muriy qamoq jazosiga tortilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 8,7 mingdan ortgan.

Qonunda aliment to‘lamaganlik uchun belgilangan jarima yoki qamoq jazosi aliment oluvchi bolaga hech qanday naf keltirmaydi. Aksincha, shaxsning mablag‘i jarima uchun undirilishiga yoki u qamoqqa olinib, 15 sutka mobaynida daromad topish va aliment to‘lash imkoniyatidan mahrum bo‘lishiga olib keladi.

Buning oldini olish uchun qonunga yangi ma’muriy jazo turi, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy jalb qilish jazosi kiritilmoqda.
Bunda aliment to‘lamagan shaxsning jamoat ishlarini bajarib olgan haqining teng yarmi aliment oluvchiga beriladi.

Aziz erkaklar, garchi xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini takomillashtirishga doir qabul qilingan qonun sizning “erkinligingizni” ozroq cheklayotgan, oilada turmush o‘rtog‘ingiz bilan muomalada ehtiyotkor bo‘lishga majburlayotgan bo‘lsada, qonunning siz uchun yaxshi tomoni aslida juda katta. Bu qonun endilikda sizning qizingiz, singlingiz yoki opangizni oilada va jamiyatda zo‘ravonlikka uchrashining oldini olishi mumkin. Ya’ni qonun nafaqat xotiningizni, balki qizingiz va opa-singlingizni ham himoya qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing