Erdo‘g‘an va Bayden Rimda. Yopiq eshiklar ortidagi muzokaralar qanday o‘tdi?

Olam

image

Bugun, 31 oktyabr kuni Turkiya va AQSH Prezidentlari Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Jo Bayden Rimdagi G20 sammiti doirasida muzokaralarni boshladi. Turkiyaning NTV telekanali jonli efirda kameralar qarshisidagi qisqa salomlashishdan so‘ng, majlislar xonasiga yo‘l olgan yetakchilarni ko‘rsatdi.

“Anadolu” agentligiga ko‘ra, yopiq eshiklar ortidagi muzokaralar 1 soat va 10 minut davom etgan. Bunda Turkiya rahbariga mamlakat Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu, Jo Baydenga esa AQSH davlat kotibi Entoni Blinken hamrohlik qilgan.

Turkiya Prezidenti ma’muriyati huzuridagi aloqa bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki davlat rahbarlari o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish istagini qayd etib, tegishli qo‘shma mexanizm yaratish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

TASS nashrining yozishicha, bu uchrashuv Turkiyada tomonlar o‘rtasida, xususan, Anqara tomonidan harbiy texnika sotib olish bilan bog‘liq mavjud kelishmovchiliklarni hal etishning muhim bosqichi sifatida qabul qilinmoqda. Liderlar uchrashuvida ana shu masalalar hamda Suriya va umuman mintaqadagi vaziyat ustuvor hisoblanadi.

Rossiyadan S-400 zenit-raketa komplekslarini sotib olgan Turkiyaga bosim o‘tkazmoqchi bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar 2019 yilda bu davlatga beshinchi avlod F-35 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berishdan bosh tortgandi. F-35 olish bilan bog‘liq muammolar fonida Anqara tegishli mexanizm asosida Vashingtondan F-16 qiruvchilarining qo‘shimcha partiyalarini sotib olish istagini bildirdi. Biroq, Vashington va Anqara o‘rtasida Turkiyaning Rossiya S-400 havo mudofaa tizimlarini sotib olishi bo‘yicha hali ham mavjud bo‘lgan kelishmovchiliklar tufayli Kongress bunday kelishuvga to‘sqinlik qilishi mumkinligi haqida xavf mavjud.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

274

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing