Erdo‘g‘an Ukrainaga o‘zi bilan hujum quroli muallifini olib boryapti
Olam
−
18 avgust 2022
14810Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 18 avgust kuni Ukrainaga tashrif bilan jo‘nab ketdi. Bu haqda Turkiya davlat axborot agentiligi “Anadolu” xabar bermoqda.
Davlat rahbarini poytaxt Anqaradagi Esenbog‘a aeroportida vitse-prezident Fuat Oktay, Anqara gubernatori o‘rinbosari Abdulla Do‘lek va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Safar chog‘ida Turkiya rahbariga Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li, Energetika va tabiiy resurslar vaziri Fotih Do‘nmez, Milliy mudofaa vaziri Hulusi Akar, Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Vahit Kirishi, Savdo vaziri Mehmet Mush, Milliy razvedka boshqarmasi rahbari Hakan Fidan, Prezident ma’muriyati bilan aloqalar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Fahrettin Altun, Prezident matbuot kotibi Ibrohim Kalin, Prezident ma’muriyati mudofaa sanoati bo‘limi rahbari Ismoil Demir, hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi rasmiy vakili Umar Chelik va “Baykar Makina” bosh direktori Haluk Bayraktar hahrohlik qiladi.
Avvalroq, Turkiya Prezidenti 18 avgust kuni Lvovda ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashishi xabar qilingandi.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, odatda Turkiya rahbari xorijiy tashriflarga o‘zi bilan kompaniyalar rahbarlarini olib bormaydi. Bayraktar, Akinci kabi uchuvchisiz havo vositalarini ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan “Baykar Makina”ning bosh direktorini urush davom etayotgan Ukrainaga olib borish esa bejiz emasga o‘xshaydi.
Ma’lumot uchun, Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya qarshi Ukrainaga harbiy harakatlar boshlashidan 20 kun avval Kiyevga borib, Zelenskiy bilan bir qator masalalarni muhokama qilgandi. Ushbu uchrashuvda Putin va Zelenskiyni Istanbulda ko‘rishtirish ham kun tartibidagi masala bo‘lgan va Zelenskiy Erdo‘g‘anning bu taklifiga rozilik bildirgan.
Shuningdek, ushbu uchrashuvda Ukrainada Turkiya bilan hamkorlikda uchuvchisiz havo vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv imzolangandi.
Ma’lumot uchun, “Baykar Makina” kompaniyasi Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kuyovi Selchuk Bayroqdor oilasiga tegishli.
LiveBarchasi