Erdo‘g‘an uddaladi! Rossiya don kelishuviga qaytadi

Olam

image

Rossiya don bitimida ishtirok etishga qaytadi. Bu haqda bugun, 2 noyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra,  bunday kelishuvga erishilganiga Erdog‘anning Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan hamda har ikki mamlakatning Mudofaa vazirlari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlari sabab bo‘lgan.

“Yana bir yangilik, mening Putin bilan kechagi muzokaralarim va Mudofaa vazirimizning Shoygu bilan muzokaralaridan so‘ng: don yo‘lagi oldindan rejalashtirilganidek, soat 12:00 dan o‘z faoliyatini davom ettiradi”, deydi Erdo‘g‘an.

Nutq so‘ngida Turkiya Prezidentiga nota berilgan. U uni ko‘rib chiqqach, Turkiya va Rossiya Mudofaa vazirlari o‘rtasidagi telefon suhbatlariga ishora qilib, kelishuv qayta tiklangani haqida e’lon qilgan.

Qayd etilishicha, Ukrainadan Moskvaga qarshi jangovar harakatlar uchun don yo‘lagidan foydalanmaslik to‘g‘risida yozma kafolat olingan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 oktyabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadan oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishga mo‘ljallangan kelishuvdagi faoliyatini to‘xtatishini ma’lum qilgan edi. Rasmiy Moskva bunga anneksiya qilingan Sevastopoldagi Qora dengiz harbiy flotiga uyushtirilgan hujumni sabab sifatida keltirib, hujum "don yo‘lagi"dan foydalangan holda uyushtirilganini  ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, 22 iyul kuni Istanbulda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokida Ukraina portlaridan g‘allani xavfsiz tashish bo‘yicha kelishuv imzolangandi. Aytish joizki, mazkur hujjatni Rossiya, BMT va Turkiya vakillari Ukraina rasmiylari bilan birgalikda imzolagan.  Chunki don shartnomasi Ukrainaning Odessa, Yujniy va Chernomorsk portlarini o‘z ichiga oladi.

Shartnoma muddati 19 noyabrda tugashi sabab Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Turkiya avvalroq kelishuvni uzaytirishga chaqirgan edi.

Biroq, oktyabr oyida Qrim ko‘prigidagi portlash ortidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin portlovchi uskuna don yo‘lagi orqali Qrimga olib kelingani tasdiqlansa, don kelishuvi to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

68

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing