Erdo‘g‘an Samarqanddaligida uning o‘g‘li Toshkentga keldi
Jamiyat
−
11 noyabr 2022
13955Kecha, 10 noyabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida ta’lim sohasida hamkorlik masalalari bo‘yicha Turkiya delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Turk delegatsiyasi tarkibida Ibn Haldun universiteti Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning o‘g‘li Najmiddin Bilol Erdo‘g‘an ham qatnashdi. Uchrashuvda hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda O‘zMU matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov va O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Majidov ishtirok etgan. Turkiyadan kelgan delegatsiyada esa Najmiddin Bilol Erdo‘g‘andan tashqari Istanbuldagi Ibn Haldun universiteti Vasiylik kengashi raisi, professor Irfon Kunduz, ushbu universitetning “Haydar Aliyev” Yevroosiyo tadqiqotlar markazi direktori, professor Yashar Sari, universitet rektori, professor Atilla Arkan, xalqaro aloqalar masalalari direktori Enes Yalman hamda Hajettepe universitetidan Zaynap Arkan ishtirok etgan.
Xabarda qayd etilishicha, uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tgan va ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha takliflar bildirilgan. Xususan, magistrlar va doktorlik dissertatsiyalari uchun qo‘shma nazorat va tashqi ekspertlarni tayinlash, qo‘shma seminarlar o‘tkazish, tegishli muassasalar tomonidan tashkil etiladigan yozgi va qishki maktablarda talabalar ishtirokini ta’minlash, qo‘shma daraja dasturlarni yaratish, ikki universitet o‘rtasida tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar shular jumlasidan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Milliy universiteti va Ibn Haldun universitetlari o‘rtasida akademik va ma’rifiy hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolangan.
Ma’lumot o‘rnida, 10 noyabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida qatnashish uchun Samarqandga kelgandi. Unga rafiqasi Emine Erdo‘g‘an ham hamroh bo‘ldi.
LiveBarchasi