Erdo‘g‘an Putin va Asad bilan uchrashuv o‘tkazmoqchi. U AQSHni ogohlantirdi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putinga Suriya Prezidenti Bashar al-Asad ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni taklif qilganini bildirdi. U bu haqda Turkmanboshidan qaytishda jurnalistlar bilan qilgan muloqotida aytib o‘tdi. 

“Ammo buning uchun maxsus xizmatlar vakillari, keyin mudofaa vazirlari va shundan keyingina TIV rahbarlari uchrashishi kerak. Bu muhokamalar natijalariga ko‘ra, rahbarlar uchrashuvi haqida gapirish mumkin bo‘ladi. Men buni janob Putinga taklif qildim va u tashabbusni ijobiy qabul qildi. Bu bir qator muzokaralarni boshlaydi”, deydi Turkiya rahbari.

Turkiyaning Suriyada quruqlikdagi operatsiya o‘tkazish rejalariga to‘xtalib o‘tgan Erdo‘g‘an Anqara Rossiya, Turkiya va Suriyaning qo‘shma qadamlari tarafdori” ekanini ta’kidladi. U shu munosabat bilan 2019 yilgi Sochi memorandumida mustahkamlangan qarorni eslatdi. 

“Bu qanday yechim? Bu bizning chegaralarimizdan janubda 30 kilometrlik xavfsizlik koridorini yaratish. Biz bu yo‘lakni yaratish uchun barcha zarur choralarni ko‘ramiz. Bu yerda hech qanday yangilik yo‘q, Ostonada, keyin Sochida muhokama qilingan. Qolaversa, Suriya bo‘yicha ishlarniRossiya bilan muvofiqlashtirishimiz yangilik emas”, deydi Turkiya Prezidenti. 

Uning ta’kidlashicha, qo‘shni davlat hududidan kelayotgan terrorchilik tahdidi va G‘arb, asosan AQSH terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlayotgani sabab Anqaraning sabri tugagan.  

“Biz birinchi navbatda AQSHga aytamizki, agar siz u yerda faoliyat yuritayotgan terror tashkilotlariga minglab yuk mashinalarini qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va jihozlar bilan yuborishda davom etsangiz, o‘zimizni himoya qilish choralarini ko‘ramiz”, deydi Erdo‘g‘an. 

5 avgust kuni Sochida Turkiya va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlari o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng Turkiya matbuoti Anqarada Turkiya va Suriya yetakchilari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilinayotgani haqida xabar tarqatdi. Shu munosabat bilan Turkiya rasmiylari bunday muzokaralar hozircha rejalashtirilmaganini ma’lum qildi. 6 oktyabr kuni Yevropa siyosiy hamjamiyatining Pragadagi sammitidan so‘ng Erdo‘g‘an Asad bilan uchrashuvi haqida gap bo‘lishi mumkinmasligini aytdi. Keyinchalik u bunday uchrashuv “vaqti kelganda” bo‘lishini qo‘shimcha qildi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

148

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing