Erdo‘g‘an don masalasida Putin va Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazmoqchi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an yaqin vaqt ichida Rossiya va Ukraina Prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy bilan don kelishuvi bo‘yicha telefon orqali muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bugun, 1 noyabr kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li ma’lum qildi.

“Prezidentimiz yaqin kunlarda Putin va Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazish niyatida. U don savdosi masalasi bilan bevosita shug‘ullanadi. Biz kelishuvning qayta tiklanishiga ishonamiz, bu barchaga foyda keltiradi”, deydi Chavusho‘g‘li.

Turkiya vazirining so‘zlariga ko‘ra, don bitimi masalasi butun insoniyatga taalluqlidir va u urushdan ajratilishi kerak.

"Shartnomaning amal qilishi bilan bog‘liq muammolar bor va ularni hal qilish kerak. Biz bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz", deydi Tashqi ishlar vaziri.

Shuningdek, Chavusho‘g‘li Anqara Rossiyadan jahon bozorlariga qishloq xo‘jalik mahsulotlari va o‘g‘it yetkazib berish yo‘lidagi to‘siqni olib tashlash tarafdori ekanini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 oktyabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadan oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishga mo‘ljallangan kelishuvdagi faoliyatini to‘xtatishini ma’lum qilgan edi. Rasmiy Moskva bunga anneksiya qilingan Sevastopoldagi Qora dengiz harbiy flotiga uyushtirilgan hujumni sabab sifatida keltirib, hujum "don yo‘lagi"dan foydalangan holda uyushtirilganini  ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, 22 iyul kuni Istanbulda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokida Ukraina portlaridan g‘allani xavfsiz tashish bo‘yicha kelishuv imzolangandi. Aytish joizki, mazkur hujjatni Rossiya, BMT va Turkiya vakillari Ukraina rasmiylari bilan birgalikda imzolagan.  Chunki don shartnomasi Ukrainaning Odessa, Yujniy va Chernomorsk portlarini o‘z ichiga oladi.

Shartnoma muddati 19 noyabrda tugashi sabab Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Turkiya avvalroq kelishuvni uzaytirishga chaqirgan edi.

Biroq, oktyabr oyida Qrim ko‘prigidagi portlash ortidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin portlovchi uskuna don yo‘lagi orqali Qrimga olib kelingani tasdiqlansa, don kelishuvi to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

22

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing