O‘zbekiston Musulmonlari idorasi “Laylatul Qadr”ni o‘tkazishga doir tavsiyalar berdi
Foydali
−
19 may 2020
14791Ramazon oyining ulug‘ kechasi bo‘lmish “Laylatul Qadr” kechasini uyda, ibodat ila kutib olgan afzal. Bu borada O‘zbekiston Musulmonlari idorasining Fatvo hay’ati tavsiya berdi. “O‘rni kelganda shuni tavsiya sifatida aytamizki, Qadr kechasini har kim o‘z uyida o‘tkazgani sunnatga muvofiq bo‘ladi. Chunki birorta hadisda bu kechada to‘planish, ziyofat qilishga targ‘ib yo‘q”, deyiladi Fatvo hay’ati bergan ma’lumotda.
Aytilishicha, Payg‘ambar alayhissalom ushbu kechani ibodat bilan o‘tkazishga targ‘ib qilar edilar. Lekin bu kechada o‘qiladigan maxsus namozni belgilab bermaganlar, odatdagidek tarovih va tahajjud namozlari o‘qiladi.
Hadisi shariflardan birida Nabiy alayhissalom shunday deganlar:
“Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha qilgan gunohlari mag‘firat qilinur” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilganlar).
“Demak, ushbu fazilatli kechani ko‘proq ibodat, namoz, zikr, Qur’on tilovati hamda iltijo, tazarru’ duolar bilan o‘tkazishimiz kerak. Inson o‘zining ota-onasi va yaqinlarining haqqiga ofiyat va saodat, yurt tinchligi va turli balolarni daf bo‘lishini so‘rab, duo qilishi ayni muddaodir”, deyiladi Fatvo hay’ati ma’lumotida.
Mujtahid ulamolar va ulardan keyingi olimlarning so‘zlarida ham Qadr kechasi uchun jamlanishni fazilatli amal ekanini topa olmaymiz. Aslida tungi ibodat va zikrlar yolg‘iz holda, odamlarning ko‘z o‘ngidan yiroqda, riyo va sum’adan xoli tarzda ado etilishi bilan fazilatlidir.
“Hozirgi karantin qoidalari davom etib turgan vaqtda bir joyga jamoat bo‘lib yig‘ilish o‘z jonini tahlikaga qo‘yishdir. Shuning uchun har birimiz uyimizda qolib, oila davrasida ibodat qilaylik va Qadr kechasini imkon qadar fayzli o‘tkazaylik”, deyiladi tavsiyada.
LiveBarchasi