Eng yirik tahdid – Yevropa Parlamenti Rossiya bilan munosabatlar to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qildi

Olam

image

Bugun, 16 sentyabr kuni Yevropa Parlamenti Rossiya bilan munosabatlar to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qildi. Unda “Vladimir Putin rejimi Yevropa xavfsizligi uchun eng katta xavf” deb atalgan. Ko‘p sahifali hujjat matni Yevropa Parlamenti saytida e’lon qilindi

Qayd etilishicha, Yevropa Parlamentida 494 deputat ushbu rezolyutsiyaga ovoz bergan, 103 qarshi, 72 kishi betaraf qolgan.

Rezolyutsiya matniga ko‘ra, Ittifoqning asosiy manfaati Yevropa va undan tashqarida “erkinlik, barqarorlik va tinchlik” bo‘lishidir. Biroq “Rossiya rasmiylarining agressiv siyosati” ularga xavf tug‘dirmoqda. Misol tariqasida, Qrimning anneksiyasi hamda Ukraina, Gruziya va Moldovaning hududiy yaxlitligi buzilishi, shuningdek, kiberhujumlar, saylovlarga aralashish va 2014 yilda Chexiya Respublikasining Vrbetitsa shahridagi portlashlar keltirilgan.

Hujjatda Putin hokimiyati “oligarxlar qurshovidagi Prezident boshqarayotgan, turg‘un, avtoritar kleptokratiya” deb nomlangan. Putinning tashqi siyosati, hujjatda aytilganidek, “aniq tajovuzkor va revizionist” bo‘lib, Prezidentning o‘zi esa “Rossiya manfaatlarining himoyachisi sifatida ko‘rinishni” xohlaydi.

Shuningdek, rezolyutsiyadan Yevropa Ittifoqining Rossiyaga nisbatan siyosatini qayta ko‘rib chiqish va keng qamrovli strategiyani ishlash zarurligi qayd etilgan tavsiyalar o‘rin olgan. Xususan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga Rossiyaning gaz, neft va boshqa xom ashyolariga bo‘lgan energiya qaramligini kamaytirish tavsiya qilingan.

Parlament deputatlari, shuningdek, Rossiya hukumati, rossiyalik oligarxlar, Prezident Putinning sheriklari va ularning oila a’zolariga inson huquqlarini buzish yoki tizimli repressiyalar uchun sanksiyalar kiritish imkoniyatini kuchaytirishni taklif qilgan.

“Yevropa Ittifoqi Rossiya hokimiyatining tajovuzkor xatti-harakatlarini oldini olish uchun o‘z ta’siridan foydalanishga va Rossiyani SWIFT to‘lov tizimidan uzishga tayyor bo‘lishi kerak”, deyiladi rezolyutsiyada.

Hujjatning bir qismi Rossiyadagi saylovlarga bag‘ishlangan. Unda Davlat dumasiga saylov oldidan muxolifatga qarshi repressiyalar kuchaygani haqida aytilgan. 

“Repressiyalar va ro‘yxatga olish tartibini suiiste’mol qilish Rossiyada adolatli parlament saylovlarini o‘tkazishga imkon bermaydi. Shuning uchun demokratik tartib va xalqaro huquq buzilgan taqdirda, Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya Dumasining bo‘lajak saylovlarini tan olmaslikka tayyor bo‘lishi kerak”, deya qayd etilgan hujjatda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17-19 sentyabr kunlari Rossiya Davlat dumasiga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Unda 9 ta partiya ishtirok etmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

323

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing