Eng og‘ir, murakkab masalalarimiz ayollar bo‘yicha – Prezident xotin-qizlar masalasida yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 26 fevral kuni xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakat aholisining qariyb yarmi – 17 millioni xotin-qizlardir. Ularning manfaatlarini ta’minlash, jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yo‘nalishi.

Qayd etilishicha, oxirgi to‘rt yilda bu borada 2 ta qonun, Prezidentning 6 ta farmon va qarori qabul qilindi. Birinchi marta Senatda Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari bo‘yicha qo‘mita tashkil etildi.

Yig‘ilishda ayollarni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga tibbiy va psixologik yordam qamrovini kengaytirish, oilaviy ajralishlarning oldini olish chora-tadbirlari muhokama qilingan.

“Eng og‘ir, murakkab masalalarimiz ayollar bo‘yicha. Xalqimizning talabi o‘sib borayapti. Biz shu talablarga munosib sharoit yaratib berishimiz kerak. Buni chuqur his qilmagan odam rahbar bo‘lib ishlolmaydi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etish taklifini bildirgan edi.

Shu kunlarda Senat raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida ushbu kengash tuzilgan. Endi mazkur jamoatchilik kengashi xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bilim va kasbiy ko‘nikmalar egallab, munosib ish topishlariga ko‘maklashish, salomatligini saqlash, uy-joy masalalarini hal etish borasida tizimli ish olib borishi zarurligi ta’kidlangan.

Hokimlar va sektor rahbarlariga “ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar muammolarini hal qilish, tikuvchilik, hunarmandchilik, kasanachilik, parrandachilik va ekin maydonlaridan yer ajratish orqali ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasiga tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan “ayollar daftari”dagi 70 mingga yaqin xotin-qizlarni biznes va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish vazifasi topshirilgan.

Davlat rahbari bu borada nodavlat tashkilotlar xotin-qizlarga eng yaqin ko‘makchi bo‘lib kelayotganini, bunday muassasalarga joy ajratib, grantlar berish kerakligini ta’kidlagan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga o‘tayotgan har bir tumandagi kollejlarning bo‘sh turgan qismini o‘quv xonasi va ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun tadbirkorlarga 30 yilgacha muddatga imtiyozli ijaraga berish vazifasi qo‘yildi. Bunga Bandlik jamg‘armasidan 70 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.

Shuningdek, 70 mingga yaqin xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun Xalq banki orqali 2 trillion so‘m kreditlar yo‘naltiriladi.

“Oliy ma’lumotli bo‘lishni istagan, qobiliyati, bilimi bor, lekin taqdir taqozosi bilan orzusiga erisha olmagan xotin-qizlarni rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi. Ya’ni, ota-onasining biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning shartnoma to‘lovi hokimlik va oliy o‘quv yurti hisobidan qoplab beriladi. Bu yangi tizim. Ilgari bunday qilolmasdik. Endi imkoniyat bor”, deydi Prezident.   

Yig‘ilishda ayollar salomatligini saqlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Joylarda, ayniqsa, chekka hududlarda tibbiy xizmatlar sifati talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Misol uchun, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida tug‘ish yoshidagi ayollarning 30 foizida kamqonlik aniqlangan. Bundan tashqari, xotin-qizlar o‘rtasida nafas olish, hazm qilish a’zolari, yurak-qon tomir tizimi kasalliklari ham ko‘p”, deyiladi xabarda.

Shu kabi tibbiy yordamga muhtojligi aniqlangan 44 ming nafar xotin-qizlarni alohida nazoratga olib, tibbiyot brigadalariga biriktirish, tor doiradagi shifokorlarni jalb qilgan holda, ularni davolash bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Joriy yil yakuniga qadar qariyb 9 million ayolni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan, jumladan, saraton skriningidan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Onkologik kasalliklarni profilaktika qilish maqsadida 323 ming nafar qizlar odam papillomasi virusiga qarshi emlanishi aytildi.

Ehtiyojmand ayollarning davolanishi uchun har yili Xotin-qizlar jamg‘armasiga qo‘shimcha 30-50 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. 

Xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini kengaytirish, jismoniy tarbiya va raqs to‘garaklarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. Ayollarning mamlakatimiz bo‘ylab sayohatlarini, sanatoriylarda davolanishini tashkillashtirish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Yolg‘iz ayollarning farzandlarini maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish va to‘lovlarini qoplash borasida ham yengilliklar beriladigan bo‘ldi.

Muammolar muhokama qilinar ekan, uy-joy masalasi albatta o‘rtaga chiqadi. Chunki oilaviy ajrashishlar, ishsizlik, yetishmovchilik oqibatida uyga muhtoj bo‘lib yashayotgan ayollar hali ham ko‘p. Davlatimiz rahbari buni chuqur his qiladi va doim ularga munosib sharoit yaratishni nazarda tutadi. So‘nggi yillarda minglab muhtoj ayollarga yangi turar joylar topshirildi. Qolaversa, kam ta’minlangan xotin-qizlar uy olishi uchun boshlang‘ich badal pulini to‘lab berish tizimi joriy etilgan.

Videoselektor yig‘ilishida bu dolzarb masala bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi. Vaqtincha noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollarni uy bilan ta’minlash uchun har bir hududga 10 milliard so‘mdan, otasidan ayrilgan muhtoj qizlar manfaati uchun 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilishi aytildi.

Bu mablag‘lar uy-joyning boshlang‘ich to‘lovini to‘lab berishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, xotin-qizlarga turar joy ijarasi kompensatsiyasi uchun 11 milliard so‘m ajratiladi.

Ayollarga, shu jumladan, tazyiqqa uchraganlarga malakali psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Xotin-qizlarning davlat va jamiyat oldidagi fidokorona xizmatlari, o‘z sohalarida erishgan yutuqlarini rag‘batlantirish uchun alohida davlat mukofotini ta’sis etish taklifi ilgari surildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlar va xotin-qizlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

61

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing