Eng ko‘p qaysi byudjet tashkilotlarida mehnat huquqi buzilyapti?

Jamiyat

image

Ayni vaqtda byudjet tashkilotlari orasida mehnat huquqining buzilishi va xodimlarning majburiy mehnatga jalb qilinishi bilan bog‘liq holatlar ko‘proq xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash tizimida kuzatilyapti. Bu haqda bugun, 13 sentyabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov QALAMPIR.UZ jurnalistiga ma’lum qildi. 

“Xodimlarning mehnat huquqi buzilishi ham mavsumiy jarayon, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Call-markazlar bor va aynan shu markazga o‘tgan 7 oy davomida 9 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Ular orasida mehnat munosabatlari buzilishiga oidlari ham mavjud.

Byudjet tashkilotlari orasida xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat olib boruvchi xodimlar tomonidan e’tirozlar ko‘p bo‘ladi. Qayd etish kerakki, vazirlikka tushgan barcha murojaatlarga tezkorlik bilan javob beriladi. Agar haqiqatan qonun buzilish holatlari aniqlansa, albatta, chora ko‘riladi”, dedi vazir Nozim Husanov

Qayd etilishicha, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mamlakatda huquqni nazorat qiluvchi vazirlik sifatida namuna bo‘lishga harakat qilmoqda.

“Hozirda mehnat huquqini nazorat qiluvchi vazirlik sifatida namuna bo‘lishga harakat qilamiz. Bu borada e’tirozlar yuzaga kelmasligi uchun shaxsan o‘zim xodimlarning ish vaqtidan so‘ng band bo‘lmasliklariga, qolaversa, yig‘ilishlar qilmaslik, dam olish kunlari esa ishga chaqirmaslikka harakat qilaman. Shanba va yakshanba kunlari ichki hujjatlarni ko‘rish, nazorat qilish maqsadida o‘zim ishlashim mumkin. Ayni vaqtda xodimlarni vazirlik tizimiga jalb qilmaslik bo‘yicha topshiriq berganmiz va nazoratini olib boryapmiz”, dedi vazir.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

112

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing