Endi o‘zbekistonliklar Rossiyada ham “prava”sini almashtirishi mumkin
Jamiyat
−
03 noyabr 2021
6074Endi O‘zbekiston fuqarolari Rossiya Federatsiyasidagi konsullik muassasalaridan ham eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirishi mumkin. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi konsullik muassasalarida O‘zbekiston Respublikasining eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish tartibi bo‘yicha vaqtinchalik nizomda keltirilgan.
Nizomga ko‘ra, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi konsullik muassasasi orqali Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (IIV YHXBB) tomonidan rasmiylashtiriladi.
Talabgor eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun konsullik muassasasiga ariza bilan shaxsan murojaat qiladi.
Konsullik muassasasi talabgor nomidan so‘rovnomani to‘ldirib, 1 ish kunida IIV YHXBBga yuboradi. Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi taqdim etilgan ma’lumotnomani ko‘rib chiqib, 1 ish kunida yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtiradi hamda uni Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamentiga (TIV KHD) yuboradi.
Shunga ko‘ra, TIV KHD haydovchilik guvohnomasini konsullik muassasasiga diplomatik pochta orqali taqdim etadi. Konsullik muassasasi 1 ish kunida yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini egasiga beradi yoki asoslangan sabablarga ko‘ra uni rad etadi.
Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi yangisiga almashtirish uchun quyidagilar undiriladi:
• BHMning 70 foizi (189 ming) miqdorida to‘lov;
• 20 AQSH dollari miqdorida konsullik yig‘imi;
• 20 AQSH dollari miqdorida haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash uchun yig‘im.
LiveBarchasi