Endi O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari bir-birining hududiga ID-karta orqali o‘tishi mumkin bo‘ladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari endi ikki davlatga ID-karta orqali o‘tishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Agentlik muxbirining xabar berishicha, Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi davomida 2006 yil 3 oktyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida imzolangan fuqarolarning o‘zaro borib-kelishlari to‘g‘risidagi Bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida Bayonnoma ham almashinilgan. 

Mazkur bayonnomaga ko‘ra, endilikda O‘zbekistonning barcha fuqarolari Qirg‘izistonga, xuddi shunday Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekistonga ID-karta orqali kirishlari mumkin bo‘ladi.

Avvallari ikki qo‘shni davlatfuqarolari bir-birining hududiga faqat xorijga chiqish pasporti bilan o‘tishi mumkin edi.

“Fuqarolarning chegaradan kirish-chiqishi haqidagi ma’lumotlar elektron tarzda qayd etiladi, pasportga shtamp bosishga hojat qolmaydi.Ushbu yengillik istalgan transport orqali (samolyot, poyezd, avtomobil, avtobus va hk) chegarani kesib o‘tishda amal qiladi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mazkur tartib imzolangan hujjatlar ikkala davlat tomonidan tegishli tartibda tasdiqlangan so‘ng kuchga kiradi. Tomonlar bu vaqt taxminan 1-2 oy vaqt olishini ma’lum qilishmoqda.

“Ushbu tartib ayniqsa O‘zbekistonning eksklav hududlari bo‘lgan So‘x, Shohimardon, Cho‘ng‘ara kabi hududlaridagi yurtdoshlarimiz uchun katta yengillik bo‘ladi, ularning chegaradan o‘tishlaridagi ortiqcha byurokratiyaga chek qo‘yadi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston bugungi kungacha hali birorta davlat bilan ID-karta orqali o‘zaro borib-kelish tartibini yo‘lga qo‘ymagan edi. Qo‘shni Qirg‘iziston bu borada birinchi bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston hududida kelib chiqqan yong‘inni o‘chirishga Qirg‘iziston hududidan suv olish uchun qirg‘iz chegarachilari fuqarolarga chegarani buzib kirishga ruxsat bergani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing