Endi TTJlarni qurish uchun davlat byudjetidan subsidiya ajratiladi
Jamiyat
−
07 may 2022
4329O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarida talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik asosida qurish amalga oshiriladi. Bu Vazirlar Mahkamakasining “Talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorida belgilangan.
Qarorga muvofiq, TTJlarni qurish loyihalari uchun xususiy sherikka beriladigan subsidiya miqdori loyiha-smeta hujjatlari bo‘yicha bir o‘ringa to‘g‘ri keladigan qiymatning 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda ajratiladi.
Nizomga ko‘ra, TTJni davlat xususiy-sheriklik (DXSH) asosida qurish loyihalarini amalga oshirish uchun tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda tender o‘tkaziladi.
Tender komissiyasi tomonidan g‘olib deb topilgan tadbirkorlik sub’ekti belgilangan tartibda TTJni DXSH asosida qurish loyihalarini amalga oshiradi.
Loyiha to‘rt bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda, xususiy sherik davlatga subsidiya ajratish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi.
Ikkinchi bosqichda, davlat xususiy sherik tomonidan taqdim etilgan arizani Nizom talablariga mosligini o‘rganib chiqadi. DXSH bitimi va unga doir ma’lumotlarni ilova qilgan holda subsidiya ajratish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga yuboradi.
Uchinchi bosqichda, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi taqdim etilgan arizani o‘rganib chiqib, subsidiya berish uchun davlat sherigi bilan subsidiya ajratish yuzasidan shartnoma imzolaydi. Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘larni davlat sherigiga o‘tkazadi. Subsidiya ajratilganligi to‘g‘risida davlat sherigiga yozma axborot beradi.
To‘rtinchi bosqichda, davlat sherigi birinchi bosqichda xususiy sherikning bankdagi hisobvarag‘iga TTJ umumiy qiymatining 15 foizi miqdorida subsidiya ajratadi. Keyingi bosqichda bajarilgan ishlar dalolatnomasiga asosan bajarilgan ishning 50 foizi miqdorida, birinchi bosqichda ajratilgan mablag‘larni hisobga olgan holda subsidiya ajratadi.
Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori Oliy o‘quv yurtlari qoshida talabalar uchun turar joylar muammosini hal qilishga xizmat qiladi.
LiveBarchasi