Endi soliqlarni yaxshi to‘lagan mahallalarga qo‘shimcha pul beriladi
Jamiyat
−
14 Oktabr 2025 1977 2 daqiqa
Joriy yildan boshlab Soliq qo‘mitasi yer va mol-mulk soliqlarini to‘langanlik darajasiga qarab, “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” reytingini e’lon qiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 14 oktyabr kuni mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.
Bunda 100 talikka kirgan mahallaga “Tashabbusli byudjet”ning yangi tizimi bo‘yicha infratuzilma xarajatining 75 foizi byudjetdan to‘lab beriladi. Shuningdek, ushbu mahallalarning har biriga qo‘shimcha 2 milliard so‘mdan ajratiladi.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi deputatlariga o‘z okrugidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun har biriga 3 milliard so‘mdan mablag‘ beriladi. Mahalla hududida sanitariya, ekologiya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning 10 foizi mahalla byudjetiga yo‘naltiriladi. Mahallalar byudjetiga 2026 yildan boshlab har yili 200 milliard so‘mdan ajratiladi.
“Ana shu aytib o‘tgan beshta manba hisobidan kelgusi bir yil uchun 2 mingta mahallaga qo‘shimcha 8,5 trillion so‘m mablag‘ beryapmiz”, dedi Prezident.
Bir oy oldin “Tashabbusli byudjet” bo‘yicha yangi qaror qabul qilinib, mahallada odamlarning o‘zi faol bo‘lib boshlagan loyihalarga ko‘mak beradigan tizim joriy qilindi. Bunda qaysi mahallada aholi yo‘l, suv, maktab, bog‘chani ta’mirlashni boshlagan bo‘lsa, xarajatining yarmini davlat ko‘taradi. Bu maqsadlar uchun kelgusi yilda yana 1 mingta loyihaga 500 milliard so‘m ajratiladi.
Prezident mahallalarda infratuzilmani yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. O‘tgan hafta imzolangan qarorga muvofiq, Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib boradigan 33 ta tuman va 330 ta og‘ir mahalla belgilab olindi. Bu tumanlarning har biriga 100 milliard so‘mdan, 330 ta mahallaning har biriga esa 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Jahon banki va Islom taraqqiyot bankidan jalb qilingan 100 million dollar ham mazkur maqsadlarga qaratiladi.
Bundan tashqari, ushbu tuman va mahallalardagi “drayver” loyihalar infratuzilmasi uchun yana 2 trillion so‘m beriladi. Umuman, bu dasturni moliyalashtirish uchun 7 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi. Viloyat hokimlarining o‘zi ham 2 tadan, tuman hokimlari esa 1 tadan og‘ir mahallani belgilab, ularga 5 milliard so‘mdan yo‘naltirishi, yana 236 ta mahalla aholisi turmushida keskin o‘zgarish qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Live
Barchasi