Endi shaxsning sudlanganligi qarindoshlarining huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lmaydi

Biznes

image

Sir emaski, o‘tgan yillarda sudlanganlik holati shaxsning oila a’zolari, yaqin qarindoshlari hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi uchrab turar edi. Shuningdek, mustabid tuzumdan qolgan ushbu illat xalqni qo‘rquvda ushlab turishga mo‘ljallangan, qancha yoshlarimizni o‘z orzu-umidlaridan voz kechishga va qanchadan-qancha yosh oilalarni turmushdan ajrashishigacha majbur qilgan.

Shu bois yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 28-moddasida “Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas”, degan insonparvar va adolatli norma mustahkamlanmoqda. 

Sudlanganlik shaxsga sud hukmi bilan jazo tayinlanganidan keyin kelib chiqadigan huquqiy oqibat bo‘lib, mazkur shaxsga nisbatan muayyan oqibatlarni keltirib chiqaradi. Masalan, davlat boshqaruvi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishga kirish yoki ularda tegishli lavozimlarni egallashda, harbiy xizmatni o‘tashda, saylanish huquqidan foydalanishda yoxud muayyan faoliyat bilan shug‘ullanishda qator taqiqlarni yuzaga keltiradi. Ammo shaxsning sudlanganligi bilan bog‘liq turli cheklovlar uning o‘zi bilan cheklanib, boshqa shaxslarning huquqlariga ta’sir qilmasligi va hech bir holatda inson o‘zining yaqinlari yo‘l qo‘ygan xatolar uchun javob bermasligi kerak! 

Qolaversa, mehnat qonunchiligiga ko‘ra, shaxslarning yaqin qarindoshlari sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilmaslik holati ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etish, deb hisoblanadi. Afsuski, bunday eskicha yondashuv oqibatida ko‘plab yurtdoshlarimiz aziyat chekkan. Masalan, odatda, bir oilada ota-ona, bir necha aka-uka, opa-singil va farzandlar bo‘lsa, bu oilaning birgina a’zosi qilgan xatosi 10 nafardan ortiq insonlarning hayotiga salbiy ta’sir etadi. Qanchalik urinmasin, mehnat qilmasin, yaqinining sudlanganligi insonning kasbiy o‘sishi, shaxs sifatida rivojlanishi, jamiyatda nufuzli o‘ringa ega bo‘lishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘siq bo‘ladi.

Shaxs huquqlari asossiz cheklash, jumladan, sudlanganligi munosabati bilan mumkin emasligi BMTning 1966 yil 16 dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt normalarida umumiy holda belgilangan. Shunga o‘xshash normalar Polsha, Serbiya, Ispaniya, Xorvatiya, Sloveniya kabi davlatlar konstitutsiyalarida ham mustahkamlangan.

Asosiy qonunimizga kiritilayotgan mazkur qoida sudlangan shaxslar qarindoshlarining huquqlarini asossiz cheklashni taqiqlaydi. Mustabid tuzumdan meros bo‘lgan salbiy tajribadan voz kechib, har kim faqat o‘zi sodir etgan jinoyati uchun javob berishini amalda ta’minlashga xizmat qiladi.

D.Ortiqov,
Sudyalar oliy maktabi dotsenti


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing