Endi poraxo‘rlar haqida “signal” berganlar davlat tomonidan himoyaga olinadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlar haqida huquq-tartibot organlariga xabar bergan shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari davlat tomonidan himoya qilinadi. Bu “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan  O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasida o‘z aksini topdi. 

Joriy yilning 24 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan  O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi va deputatlar tomonidan ma’qullandi. 

Korrupsiyaga oid ushbu Qonun loyihasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga bir qancha vakolatlar va vazifalar yuklatilmoqda. 

Qonun loyihasiga muvofiq, 2017 yil 3 yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 28-moddasiga quyidagi o‘zgartirishlar kiritildi, unga ko‘ra korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari himoya qilinadi. 

Endilikda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari davlat himoyasida bo‘ladi. Shuningdek, Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot bergan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar xizmat sirini tashkil etadi hamda qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda faqat o‘zining, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organ rahbarining yozma ruxsati asosida oshkor etilishi lozim. 

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot bergan shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari hayotiga yoki sog‘lig‘iga yoxud mol-mulkiga tajovuz tahdidi mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar aniqlangan taqdirda, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari O‘zbekiston Respublikasining “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan zarur choralarni ko‘rishi shart.

Jumladan, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarga va ularning yaqin qarindoshlariga korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot taqdim etganligi sababli tajovuz qilish, shuningdek ish beruvchi tomonidan ta’qib etilishi (asossiz ishdan bo‘shatish, mehnat shartlari va mehnatga haq to‘lashni noqulay tomonga o‘zgartirish, yuqori lavozimga tayinlashni rad etish va boshqalar)ga yo‘l qo‘yilmaydi hamda qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarni rag‘batlantirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun, Qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 2011 yil 29 sentyabrda qabul qilingan “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 231-moddasi bilan to‘ldirildi, endilikda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlarining qamoqda saqlash joylariga borishi mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, 2017 yil 9 yanvarda qabul qilingan “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasiga ham o‘zgartirish kiritilgan bo‘lib, bunda maxsus qabulxonaga  Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari moneliksiz kirishlari va ularning xavfsizligi ta’minlanishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

86

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing