Endi piyodalar yo‘laklarida tashqi reklama o‘rnatilmaydi
Jamiyat
−
22 fevral 2020
6215Joriy yilning 20 fevral kuni Hukumat tomonidan “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, yer uchastkalaridagi tashqi reklama ob’ektlari uchun 10 yil muddatga, davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlardagi tashqi reklama ob’ektlari uchun 5 yil muddatga DXMlar orqali reklama joylari pasportlarini berish bir martalik yig‘im summasini to‘lash orqali amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, yer uchastkasiga o‘rnatilgan video ekranli tashqi reklama ob’ektlari uchun ko‘rsatilgan muddat qo‘shimcha 10 yil muddatga uzaytiriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar qonuniy o‘rnatilgan tashqi reklama ob’ektlarini mazkur qaror talablariga moslashtirish uchun 6 oy muddat berildi.
“Ushbu muddatda moslashtirilmagan reklama ob’ektlari egalari tomonidan ixtiyoriy ravishda o‘z kuchi bilan olib tashlanadi (aks holda bu ish sud tartibida amalga oshiriladi)”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, 2020 yil 1 martdan boshlab Toshkent shahrida tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatning alohida tartibi joriy qilinadi. Bunda, tashqi reklama ob’ektlarini yer uchastkalarida joylashtirish huquqi ("E-IJRO AUKSION" orqali) faqat yuqori texnologiyali tashqi reklama ob’ektlariga beriladi.
Qaror bilan tashqi reklama ob’ektlarini o‘rnatish taqiqlangan hududlar belgilandi. Jumladan, trotuar va piyodalar yo‘laklarida tashqi reklama ob’ektlarini o‘rnatish taqiqlanadi.
Qaror bilan tashqi reklama ob’ektlarini qurish tartibi, qurish uchun beriladigan yer, bino va inshootlar ro‘yxatini shakllantirish, qurish huquqini elektron auksion orqali berish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.
LiveBarchasi