Endi mol-mulkni sotish, ijaraga berish va meros qoldirish osonlashadi
Jamiyat
−
29 aprel
19124Joriy yilda 400 mingta yakka tartibdagi uy UZKAD tizimiga kiritiladi. Natijada mol-mulkni sotish, ijaraga berish, meros qoldirish, garovga qo‘yish kabi jarayonlar osonlashadi. Bu haqda bugun, 29 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga yer hisobini yuritish va kadastr xizmatini rivojlantirish bo‘yicha qilingan ishlar hamda kelgusidagi vazifalarga oid taqdimot bilan tanishish chog‘ida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, kelgusida 6 million 300 mingdan ziyod barcha yakka tartibdagi uylar ushbu tizimda aks ettiriladi.
Ma’lum qilinishicha, ko‘p joylarda ko‘chmas mulkning kadastr qiymati bilan haqiqiy bozor bahosi o‘rtasida katta farq bor. Bu huquqiy munosabatlarda va savdolarda nomutanosiblikni keltirib chiqaryapti. Shu bois O‘zbekiston Prezidentining 5 martdagi farmoniga muvofiq, ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimi joriy etilmoqda. Buning uchun Kadastr agentligida Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi ochildi. Unga 40 milliard so‘m ajratilib, malakali mutaxassislar jalb qilindi va amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Ommaviy baholash bu yil Toshkent shahrida boshlanib, keyingi yillarda Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda qolgan hududlarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Davlat rahbari kadastr ma’lumotlari iqtisodiy rejalarni samarali belgilash uchun muhim asos ekanini ta’kidlab, bu sohada yaxlitlik va aniqlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Byurokratiyani keskin kamaytirib, kadastr xizmatlari sifatini oshirish, tadbirkorlarga yengilliklar yaratish vazifasi qo‘yildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 45 million gektarga yaqin yer maydoni bor. 2021 yilgacha shundan bor-yo‘g‘i 1 million gektari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan edi. So‘nggi yillarda yagona tizim yaratilib, raqamlashtirish joriy etilgani natijasida 42 million gektar yer, ya’ni jami maydonlarning 94 foizi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Jumladan, o‘rmon va suv fondi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘liq davlat ro‘yxatiga olindi. Transport, aloqa, geodeziya, energetika, yo‘l kabi 13 turdagi davlat kadastri bo‘yicha ma’lumotlar 100 foiz shakllandi. Yana 7 ta yo‘nalish bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda.
Sohadagi eng dolzarb masala – ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solishdir. Shu maqsadda ko‘chmas mulklarning haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan yagona ma’lumotlar bazasi – UZKAD tizimi ishga tushirilgan. Barcha bino va inshootlar xatlovdan o‘tkazilib, unga kiritilmoqda. Hozirgacha 150 mingta turar va 707 mingta noturar joy, 44 mingta ko‘p qavatli uy haqidagi ma’lumotlar ushbu yangi tizimda aks ettirilgan.
Ta’kidlash joizki, yaqin-yaqingacha o‘z uyiga mulk huquqi bo‘lmagani uchun millionlab fuqarolar qiynalib kelardi. O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni bilan joriy yil yanvardan hujjatlarni rasmiylashtirib, egalariga taqdim etish boshlandi.
LiveBarchasi