Endi masjidlarda dinni xuddi 1-sinf alifbosidek mo‘minlarga o‘rgatamiz – Mirziyoyev
Jamiyat
−
01 Sentabr 2019
6810Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 avgust kuni erta tongda Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurib, qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida ishtirok etdi.
Qur’on tilovat etilib, xalqimiz ozodligi uchun fido bo‘lgan insonlar haqiga duo qilindi. An’anaga ko‘ra, elga osh tortildi.
Xiyobondagi ramziy qabr yonida nuroniylar, ulamo va ziyolilar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Prezident O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi – muftiy Usmonxon Alimov bilan suhbat qurdi.
“Tahlikali dunyoda vaziyat kun sayin emas, soat sayin o‘zgaryapti. Mana shunday og‘ir vaziyatda yashayapmiz, lekin mana shu sharoitda yakkayu yagona xalqimizning manfaati, xalqimizning tinchligi, osoyishtaligi muhim. Jonajon Vatanimizning ertangi kuniga, mana shunday mustaqillik kunlarimizga shohid bo‘lganlar, ular qanday mashaqqat ko‘rgan, qanday shu kunlarga intilgan va mana shu intilishlarida adolatsiz qurbon bo‘lganlarini yuz karra tushuntirish kerakki, har kuni yoshlarimizga yetkazishimiz kerak”, deydi Prezident.
Davlat rahbari masjidlarda o‘qilayotgan namozlarda, ayniqsa, juma namozlaridagi duolarda elimizga shukronalikni niyat qilish kerakligi aytdi. Mo‘min-musulmonlarni og‘irlik va vazminlikka da’vat qilishni qo‘shimcha qildi.
“Masjidlardagi duo-fotihalar, juma namozlarida ayniqsa, elimizga shukronalikni bilim bilan, og‘irlik, vazminlik, hayot bilan hamnafaslik nuqtai nazaridan amaliy narsalarni aytib, xalqimizni, mo‘min-musulmonlarimizni mana shunga da’vat qilsak, ana shunda natija bo‘ladi”.
Shavkat Mirziyoyev diniy masalada, ayniqsa, muqaddas Islom diniy bo‘yicha ham alohida tizim ishlab chiqilayotgani, bundan buyon imomlar o‘zlari faoliyat yuritayotgan mo‘min-musulmonlarga mas’ul bo‘lishlarini ma’lum qildi:
“Juda katta tizim qilyapmiz. Tizim shunday – faqat bag‘rikenglik, ma’rifat, madaniyat, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish. Imomlarni o‘qitish tizimini o‘zgartiramiz, imomlarning dunyoqarashini o‘zgartiramiz. Endi qaror shunday bo‘ladiki, har bir imom o‘zining hududidagi mo‘min-musulmonning yaxshisiga ham, yomoniga ham javob beradi. Imom Buxoriy nima deganlarini agar o‘qisalaring, u yerda hamma narsa yozilib turibdi. O‘zingiz (Usmonxon Alimovga qarab) Toshkentning imomi bilan chiqib, Islomning ertangi kunini, oddiy tilda jamiyatimizning hozirgi o‘rnini to‘g‘ri topib, to‘g‘ri baho berib, ertangi kunimiz nima bo‘ladi degan savolga sizlar o‘zlaringni sohalaringda (javob) yetkazish kerak”.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘laroq faoliyat boshlagandan buyon mamlakatda diniy sohada katta islohotlar amalga oshirilgan. E’tiqod erkinligi ta’minlandi. Eski davrdan qolgan ayrim holatlarga barham berildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu boradagi islohotlari nafaqat mamlakatda, balki xorijda ham olqishlandi. Davlat rahbari yana bir yangilik haqida so‘z ochdi. Uning qayd etishicha, endi masjidlarda mo‘minlar uchun darslar tashkil etiladi.
“Endi masjidlarda huddi 1-sinf alifbosidan mo‘minlarga o‘rgatamiz. Islom nima, qo‘lini duoga ko‘targan odam nimaga keladi? Avvalambor, o‘zini oilasi, farzandi, xonadoniga duoda tinchlik tilaydi. Buning tagida nima bor? O‘sha yurtga, o‘sha zaminga, o‘sha rayonga tinchlik turadi. Shuning uchun har bir masjidning imomi o‘zining hududidagi 5 ming odamning ichida 500 odam nomaqbul bo‘lsa, har kuni necha soat uning yoniga borib diniy bilim beryapti, dunyoviy bilimga intilgin deb aytyapti? Shuni yozib, men bugun uch soat o‘qitdim, mening imonim komil, agar u xalqparvar bo‘lsa, uch oyni ichida u albatta shukronalik aytib, o‘ziga munosib o‘rin topib, mana shu yurtning munosib farzandi bo‘ladi”, deydi davlat rahbari.
Prezident so‘zida davom etarkan, Haj ziyoratini amalga oshirib kelayotgan hojilarning gardanidagi mas’uliyatni eslatdi:
“Biz har yili 30%ga arzon qilib, Hajga yuborgan mo‘min u yerdan nur olib kelsin, shukronalik olib kelsin. Har bir Hajdan kelgan odam qo‘shnisini ham ma’rifatga, e’tiqodga inontira olsa, o‘shanda jamiyatimiz o‘zimizga munosib bo‘lgan Imom Buxoriy Vatanida shunday tartib borakan ulamolar ichida, ta’zim va qoyil, tarannum qilinglar, Buxoriylar yurtidan o‘rnak olinglar, ey mo‘minlar deydi”.
Prezident buyuk atib, ma’rifatparvar Abdulla Qodiriy maktabini tashkil etish masalasiga ham to‘xtaldi:
“Naqshband bobomiz aytgandek, mehnatsiz hech qanday natija bo‘lmaydi. Qo‘ling mehnatda, yuraging Allohda bo‘lishi kerak. Biz yaqinda Abdulla Qodiriy bobomizning maktabini ochayapmiz. Nima uchun ochyapmiz? Sekin-sekin yoshlar Abdulla Qodiriyni ham unutib yuboradi. Ana shunday vatanparvar, xalqparvar odamlarimizning haqiqiy hayotini, qanday sharoitda ular o‘qigan, qanday zulm bo‘lsa ham ular elim, xalqim deb jonini bergan... Bugun nima uchun bu yerga kelib ziyorat qilyapmiz? Hamma ulug‘ bobolarimiz O‘zbekistonning mustaqilligi uchun kurashgan. Maktabga ulug‘larimizning nomini beraylik. Har bir maktabda ulug‘larni o‘rgansak qaysidir maktab uni biladi, boshqasi buni biladi, umumiy saviyamiz o‘zgaradi degan topshiriq berdim.
Bu narsalarning hammasini joyiga qo‘yadigan vaqt-soat keldi. Ilohim mana shu narsalarni bajarishga belimizni mahkam bog‘lab, shukronalik nuqtai nazaridan hammamiz bir yoqadan chiqarishimiz kerak. Biz o‘zimizning kuchimiz, qudratimiz, tinchligimiz, osoyishtaligimizga jips bo‘lib, bir bo‘lib, shukrona qilib harakat qilsak kam bo‘lmaymiz”.
LiveBarchasi