Endi maktab direktorlari yangi tizim bo‘yicha tanlanadi
Jamiyat
−
05 aprel 2022
16302O‘zbekistonda endi maktab direktorlariga nomzodlar sertifikatlash tizimi orqali tanlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 aprel kuni xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘z ochdi.
“Qaysi maktab direktori harakat qilayotgan bo‘lsa, natija bo‘layapti. Aksincha, sharoit yaxshi bo‘la turib, o‘zgarish qila olmayotgan direktorlar ham ko‘p”, deydi Prezident.
Shu bois, davlat rahbari Xalq ta’limi vazirligiga joriy yilning 1 sentyabridan boshlab maktab direktorlarini sertifikatlash tizimini joriy etishni topshirdi. Bundan buyon direktorlikka nomzodlar ushbu tizim orqali tanlanadi.
Qayd etilishicha, joylardagi haqiqiy holatni o‘rganish asosida 193 ta ta’lim muassasalari negizida tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashgan maktablarni tashkil etish takliflari ishlab chiqilgan.
Yig‘ilishda viloyat, shahar va tuman hokimlari joriy yilning 1 avgustiga qadar o‘z hududidagi maktablarni ta’mirlash, zamonaviy jihozlash, yashash va ovqatlanish uchun sharoitlar yaratishga mas’ul etib belgilandi.
“Yangi o‘quv yiliga qadar 173 ta maktab tayyor bo‘lishi shart va bunga viloyat, shahar va tuman hokimlari javobgar. Qolgan 20 ta ixtisoslashgan maktab keyingi o‘quv yiliga qadar topshirilishi zarur”, deydi Mirziyoyev.
LiveBarchasi