Endi madaniy meros va ekologik huquqbuzarlik haqida xabar berganlar mukofotlanadi

Jamiyat

image

Endi O‘zbekistonda moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni yuborgan shaxslar har bir tasdiqlangan holat bo‘yicha huquqbuzardan undirilgan mablag‘lar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravariga teng (270 ming so‘m) miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Davlat ekologik nazorati hamda moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida nazoratning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, fuqarolar huquqbuzarlikni videotexnika vositalari orqali qayd etishi hamda foto va videomateriallarni ko‘rib chiqish uchun:

•  ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik bo‘yicha – “Ekonazorat” axborot tizimi orqali Davlat ekologiya qo‘mitasiga;

•  moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik bo‘yicha – “Madaniy meros nazorati” axborot tizimi orqali Madaniy meros agentligiga yuborishi mumkin.

Materiallarda quyidagilar aniq aks ettirilishi lozim:

•  sodir etilgan huquqbuzarlik;
•  huquqbuzarlik sodir etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar (agar mavjud bo‘lsa);
•  madaniy meros ob’ektining nomi (tegishli huquqbuzarlik bo‘yicha);
•  huquqbuzarlik sodir etilgan manzil, sana va vaqt.

Foto va videomateriallarga har qanday tarzda o‘zgartirishlar kiritish taqiqlanadi. 

Axborot tizimlariga kelib tushgan huquqbuzarlik qayd etilgan foto va videomateriallar mas’ul xodim tomonidan 15 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqilib, huquqbuzarning shasxini aniqlash maqsadida Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi.

Vazirlik taqdim etilgan materiallarni tekshirib huquqbuzarning shaxsini aniqlaydi va 10 ish kuni mobaynida tegishliligi bo‘yicha Davlat ekologiya qo‘mitasi yoki Madaniy meros agentligiga yuboradi.

Huquqbuzarlik aks ettirilgan foto va videomateriallarni yuborgan shaxslar:

•  daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha – BHMning 1 baravari (270 ming so‘m) miqdorida;
•  ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi boshqa huquqbuzarlik bo‘yicha – huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining 15 foizi miqdorida;
•  moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik bo‘yicha – BHMning 1 baravari (270 ming so‘m) miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Rag‘batlantirish:

•  huquqbuzarlik bo‘yicha birinchi xabar bergan shaxsga nisbatan qo‘llaniladi;
•  huquqbuzarlik tegishli organlar tomonidan bevosita aniqlangandan keyin kelib tushgan xabarlar bo‘yicha amalga oshirilmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

46

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing