Endi ko‘proq pul olmoqchi bo‘lgan o‘qituvchilar saralanadi

Jamiyat

image

Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan har oylik ustamaga da’vogar pedagoglarni saralash jarayonlari o‘tkaziladi. Bu haqda Xalq ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur sinov jarayonlari ikki bosqichda amalga oshiriladi.

“I bosqichda Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan kiritilgan nomzod o‘qituvchilar “Boshlang‘ich ta’lim”, “Aniq va tabiiy fanlar”, “Xorijiy tillar”, “Ijtimoiy fanlar” va “Amaliy fanlar”   yo‘nalishlari bo‘yicha bevosita Davlat test markazi tomonidan tegishli hududlarda sinovdan o‘tkaziladi.

II bosqichga ushbu sinovlarda maksimal ballning 80 foizi yoki undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar o‘tadi va ularning kasbiy mahorati faol jamoatchilik vakillari va mahoratli pedagoglardan iborat Ishchi guruh tomonidan baholanadi”, deydi Laylo Rustamova.  

Tegishli qonunchilikka asosan ta’lim sifati ko‘rsatkichlariga ko‘ra, hududlar uchun ma’lum kvotalar belgilangan. Bunda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining bitiruvchi-o‘quvchilari tomonidan tegishli o‘quv yili qabulida oliy ta’lim muassasalariga, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlarida qayd etgan natijalariga muvofiq kvota taqsimlanadi. Hozirda o‘tkazilayotgan tanlovda jami 2000 nafargacha laureat belgilanishi mumkin. Ushbu kvotaga har bir yo‘nalish bo‘yicha tegishli tuman (shahar) uchun belgilangan kvota o‘rniga ko‘pi bilan uchta nomzod taqdim etiladi.

Shu bilan birga sinov natijasida laureatlar soni kvotani to‘ldirmasa, kelgusi yilda qo‘shimcha nomzodlar orasida tanlov o‘tkazilishi mumkin.  

Mazkur turdagi har oylik ustama haqi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining tegishli buyrug‘i chiqqan vaqtdan boshlab 9 oy davomida to‘lab boriladi.  

“Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, imtihonlar joriy yil 16 dekabr kuni barcha hududlarda bo‘lib o‘tadi. Imtihonlarning o‘tkazilish vaqti, joyi va unda ishtirok etuvchilar ro‘yxati Xalq ta’limi vazirligining rasmiy saytida e’lon qilingan”, deb ta’kidladi Rustamova.

Sohiba Komilovna


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

537

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing