Endi Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari ekologiyaga zarar yetkazganlarni javobgarlikka tortadi

Jamiyat

image

Bugun, 1 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Senatning qirq birinchi yalpi majlisida “Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda Oliy Majlis Senati Matbuot xizmat xabar berdi.

Ma’qullangan qonunga ko‘ra, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida huquqbuzarliklar sodir etgan aybdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlariga zarur vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksda belgilangan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi 7 ta moddada nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar belgilandi. Ushbu ishlarni ko‘rib chiqishga hamda jarima tariqasidagi ma’muriy jazo qo‘llashga haqli bo‘lgan mansabdor shaxslar, shuningdek, Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari nomidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani tuzishga haqli bo‘lgan ushbu organlar tuzilmalarining mansabdor shaxslari belgilandi.

Shuningdek, ichki ishlar va milliy gvardiya organlari mansabdor shaxslariga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ba’zi huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish vakolati berilmoqda.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzilla Norboyeva ekologiya va atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik kuchaytirilishini aytib o‘tdi.

“Javobgarlikni so‘zsiz ta’minlash uchun aniq mexanizmlarni ham belgilab berish zarur. Zero, aybdor shaxslarga nisbatan o‘z vaqtida javobgarlik choralarini qat’iy qo‘llanilmasligi ularda qonun talablariga bepisandlikni va qonunchilikda belgilangan “javobgarlikning muqarrarligi” prinsipi buzilishini ham keltirib chiqaradi”, deydi Senat Raisi Tanzilla Norboyeva.

Nurmuhammad Fayzullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing