Endi gijja dorilari qatorida yod preparatlari ham bepul beriladi
Jamiyat
−
18 mart 2022
5541Joriy yilning 1 iyulidan boshlab, 3-15 yoshli bolalarga yod preparatlari davlat tomonidan bepul tarqatiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qildi.
“Ma’lumki, 2021 yildan bolalar uchun ovqatni boyitadigan qo‘shimchalar, vitamin A va gijjaga qarshi anti-gel-mint preparatlarni bepul berish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu ishlarni davom ettirgan holda, 2022 yil 1 iyuldan boshlab, 3-15 yoshli bolalarga yod preparatlari davlat tomonidan bepul tarqatiladi.
Bu orqali, kelgusi besh yilda bolalarda buqoq, kamqonlik kasalliklarini 30 foizga kamaytirishga, ularning aqliy va jismoniy sog‘lom rivojlanishi uchun katta asos yaratiladi”, deydi davlat rahbari.
Prezidentning qayd etishicha, bu maqsadlar uchun, joriy yilda 60 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Mirziyoyevning urg‘ulashicha, bolalarga birlamchi bo‘g‘inda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarni yuqori texnologik amaliyotlar bilan bog‘lash zarur.
Bu borada, Respublika ixtisoslashgan pediatriya markazida genetik laboratoriya hamda uning 13 ta hududiy bo‘limlari tashkil etiladi.
“Ushbu laboratoriya bolalar orasida nogironlikka olib keluvchi, shu jumladan, kam uchraydigan (orfan) kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha genetik tekshiruvlar o‘tkazadigan, zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlanadi. Buning uchun, 15 million dollar jalb qilinadi.
Shuningdek, respublikamizda spinal mushak ат́рофияси diagnozi qo‘yilgan bemor bolalarga (75 nafar) zarur dori vositalarini bepul yetkazib berish tizimi joriy etiladi. Bunga, har yili 110 milliard so‘m ajratiladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bilan birga, respublika bo‘yicha 46 ta tumanlararo perinatal markazlari tashkil etilib, ularda chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
“Hammamizga ayonki, farzand – bu hayot quvonchi, avlod davomchisi. Dunyoga kelayotgan har bir go‘dakning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi, onalik va bolalikni himoya qilish uchun biz bundan buyon ham barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”, deydi Prezident.
LiveBarchasi