Endi fuqarolar mahalla raisiga ishonchsizlik bildirishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda fuqarolar tomonidan mahalla raisiga ishonchsizlik bildirish instituti tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida so‘z boradi. Farmon o‘tgan yilning 30 dekabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. 

Farmon loyihasiga ko‘ra mahallaning “faol” modelini joriy etish, uni aholi muammolarini bevosita hal qilish hamda hududni rivojlantirish uchun zarur resurs va imkoniyatlar bilan ta’minlash maqsadida 2022 yilda:

•  barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha mahallalardagi muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi tartibi joriy etilib, mahalladagi ishlarning ahvoli vazirlik, idora va hokimliklar faoliyatini baholashning bosh mezoni sifatida belgilanadi;

•  mahalladan turib barcha davlat idoralariga murojaat qilish tizimi yaratilib, davlat va ijtimoiy xizmatlarning bevosita mahallada ko‘rsatish, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali mahallalarning xalq oldidagi nufuzi oshiriladi;

•  mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakolatlari kengaytirilib, ushbu maqsadda mahallaning alohida jamg‘armasini tashkil etish amaliyoti joriy etiladi;

•  mahallalarning “o‘sish nuqtalari” va ularda yashovchi aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, ularda istiqomat qilib, faoliyat yurituvchi aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi samaradorligi oshiriladi;

•  fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarini joylardagi vakillik organlari bilan doimiy aloqalarining huquqiy asoslarini yaratish, shu jumladan mahalla raisi tomonidan mahalliy Kengash majlisida ko‘rilishi majburiy bo‘lgan masalalarni kiritishning samarali mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi;

•  fuqarolar tomonidan mahalla raisiga nisbatan ishonchsizlik bildirish instituti joriy etiladi. 

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R.Mamatov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda mahalla faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi va yangilangan “Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim.


Maqola muallifi

Teglar

mahalla

Baholaganlar

420

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar