Endi “dom” qurganlar javobgarlikka tortiladi, agar...

Olam

image

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uy-joylarni ruxsatsiz qurganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Bu haqda bugun, 13 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida so‘z bordi. 

Unda bino va inshootlarning zilzilabardoshligi hamda seysmik xavfsizligini ta’minlash sohasida davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. 

Qonun loyihasi bilan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, ko‘p kvartirali uy-joylarni ruxsatsiz qurganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, mazkur qoidabuzarlik takroran sodir etilgan taqdirda, jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilyapti.

Qonun loyihasi mamlakatda noqonuniy qurilishlarning oldini olish, aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish hamda shaharsozlik sohasida huquqbuzarliklarni kamaytirish maqsadida ishlab chiqilgan. 

Majlisda vakolatli organlar ruxsatisiz o‘zboshimchalik bilan turar-joy binolarini qurish holatlari saqlanib qolayotgani, ayrim ob’ektlarda seysmik xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilmayotgani sohadagi davlat boshqaruvini yanada kuchaytirishni taqozo etayotgani urg‘ulangan. 

Shaharsozlik kodeksida esa “master reja” tushunchasi shaharsozlik hujjatlarining alohida turi sifatida mustahkamlanmoqda. Parlament matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu hujjat hududlarning aniq muammolarini bartaraf etish, shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik yechimlarni uyg‘unlashtirish, shuningdek, hududlarni qisqa, o‘rta va uzoq muddatli rivojlantirishni rejalashtirishga xizmat qiladi. 

Bundan tashqari, qonun loyihasida ko‘priklar va tonnellar, shuningdek, potensial xavfi yuqori bo‘lgan ob’ektlarni loyihalashtirish va qurish uchun beriladigan litsenziyalarning amal qilish muddatini cheklanmagan holda belgilash amaliyotini bekor qilish, qurilish-montaj ishlarini boshlashda xabardor qilish tartibidan ruxsatnoma berish tizimiga o‘tish nazarda tutilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing