Endi bankomatlar naqd pulni plastik kartaga o‘tkazib beradi
Jamiyat
−
12 fevral 2020
10044O‘zbekistonda bankomatlar orqali naqd pul mablag‘ini bank plastik kartalari yoki bank hisob raqamlariga o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi va 2020 yil Davlat dasturi loyihasida qayd etilgan.
Loyihada:
- xorijiy mutaxassislar ishtirokida “yashirin iqtisodiyot”ning vujudga kelish omillarini tahlil qilish va unga qarshi kurashish dasturini tasdiqlash;
- “raqamli markirovka va onlayn kassa” loyihasini o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini nazoratga olish;
- internet-savdo (elektron tijorat) sohasidagi sub’ektlarni aniqlash tartibini takomillashtirish, qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lashni hisobga olgan holda soliqqa tortish mexanizmini ishlab chiqish;
- “yuk tashish monitoringi” yagona axborot platformasida tijorat transporti sohasini ro‘yxatdan o‘tkazish, hisobga olish va amalga oshirish monitoringi uchun zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish;
- “E-ombor” tovarlarini hisobga olishning elektron tizimini ishlab chiqish va joriy etish, import qilinadigan tovarlar bo‘yicha elektron shaklda hisobotlarni tayyorlashni ta’minlash;
- import qilingan oziq-ovqatlar, ma’danli va gazlangan suvlar, tarkibida alkogol bo‘lmagan boshqa ichimliklarni majburiy markirovka qilishni bosqichma-bosqich joriy etish;
- soliq organlarida markirovka qilish majburiy bo‘lgan tovarlarni hisobga olishning elektron bazasini yaratish;
- gastrol-konsert faoliyatida elektron bilet tizimini joriy etish;
- yakka tartibdagi tadbirkorlar noqonuniy faoliyatini qisqartirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
- o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning faoliyatini tartibga solishni yanada takomillashtirish, ularni soliqqa tortish, ish stajini hisobga olish va faoliyat yuritish tartibini soddalashtirish;
- “yashirin iqtisodiyot” sub’ektlarini aniqlash mexanizmini takomillashtirish;
- savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sub’ektlari tomonidan ishlatilayotgan turli dasturiy mahsulotlarni Davlat soliq qo‘mitasining Ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga integratsiya qilish;
- bankomatlar orqali naqd pul mablag‘ini bank plastik kartalari yoki bank hisob raqamlariga o‘tkazish imkoniyatini yaratish;
- mazkur karta va hisob-raqamlar egalariga amalga oshirilgan operatsiya qiymatining ma’lum miqdorida bonuslar taqdim etish tartibini joriy etish nazarda tutiladi.
Ijro uchun Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Davlat bojxona qo‘mitasi, Hisob palatasi, Bosh prokuratura, Savdo-sanoat palatasi, Transport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mas’ul etib belgilangan.
LiveBarchasi