Endi 21 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga tamaki va spirtli ichimliklar sotish taqiqlanadi

Jamiyat

image

Endilikda 21 yoshga to‘lmaganlarga alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish hamda ularni alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish jarayoniga jalb etish bo‘yicha javobgarlikka tortiladi. Bu Oliy Majlis Senatining kecha, 27 dekabr kuni 36-yalpi majlisida ma’qullangan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunda ko‘zda tutilgan.

Qonunga ko‘ra, alkogol va tamaki mahsulotlarini sotayotgan shaxs 21 yoshdan kichik ko‘ringan xaridordan uning shaxsi va yoshini tasdiqlovchi hujjatini ko‘rsatishni talab qilishi, hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda esa sotishni rad etishi shart. 

Shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlari tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi organlar safi kengaytirilib, ularning sohadagi vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda. 

Qonunga muvofiq, endilikda tamaki mahsulotlari qatoriga chekilmaydigan mahsulotlar (nosvoy, tamaki qopchasi, hidlanadigan tamaki), tarkibida nikotin bo‘lgan mahsulotlar, elektron sigaretalar hamda tarkibida tamaki va nikotin bo‘lmagan, lekin shularni iste’mol qiluvchi vositalar bilan foydalanish uchun mo‘ljallangan mahsulotlar ham kiradi.

Ma’lumot uchun, hozirda alkogol va tamaki mahsulotlarini, shuningdek, tamaki va nikotinni iste’mol qilish uchun vositalarni sotish bo‘yicha yosh chegarasi 20 yosh hisoblanadi.

Sohiba Komilovna


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

57

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing