Endi byudjet pulini o‘margan mulozimlar 10 yilgacha qamaladi (video)

Jamiyat

image

O‘zbekistonda xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik o‘ta og‘ir jinoyatlar toifasiga o‘tkazilib, ushbu qilmish uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda. Bu haqda bugun, 13 iyun kuni Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, qonunning asosiy maqsadi jinoyat qonunchiligida mavjud bo‘shliqlarni to‘ldirish, korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazo choralarining qat’iyligini ta’minlash hamda xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishdan iborat.

Ushbu qonun bilan Jinoyat kodeksiga konseptual va prinsipial o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Jumladan, kodeksning sakkizinchi bo‘limiga “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama va ularning aniq ro‘yxati kiritilib, terminologik chalkashliklarga barham berilgan.  Bundan tashqari, pora olish, pora berish va bu jarayonda vositachilik qilganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish institutini qo‘llash taqiqlanmoqda.

Shuningdek, sud amaliyotidagi ziddiyatlarni bartaraf etish maqsadida xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik belgisi Jinoyat kodeksining 168-moddasi to‘rtinchi qismiga (o‘ta og‘ir jinoyatlar toifasiga) o‘tkazilgan va ushbu qilmish uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, xususiy va nodavlat sektorida korrupsiyaning oldini olish maqsadida nodavlat tashkiloti xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish jinoyati uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida qilmishning “g‘arazgo‘ylik niyatlarida” sodir etilishi jazoni og‘irlashtiruvchi yangi kvalifikatsiya belgisi sifatida belgilanmoqda.

Davlat boshqaruvi tizimida funksiyalar takrorlanishining oldini olish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritilgan va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens-nazorat) tizimi joriy qilinishi ustidan nazorat qilish vazifasi bekor qilingan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda esa davlat xaridlari va byudjet tizimidagi qonunbuzilishlar uchun sanksiyalar kuchaytirilgan.

Senatorlarning fikricha, mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni mustahkamlashga hamda jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Senatorlar qonunni ma’qullagan.


Maqola muallifi

Teglar

firibgarlik jinoyat rastrata mulozim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing