Emma Stoun dunyodagi eng go‘zal ayol deb topildi (foto)
Madaniyat-san’at
−
14 noyabr 2025 14454 2 daqiqa
Gollivud aktrisasi, ikki marta Oskar, ikki marta “Golden Globe” va ikki marta BAFTA mukofotiga sazovor bo‘lgan Emma Stoun dunyodagi eng go‘zal ayol deb topildi. Bu haqda londonlik plastik jarroh Julian De Silva tomonidan oltin kesim tamoyili asosida tuzilgan dunyodagi eng go‘zal ayollar reytingida keltirilgan.
Qayd etilishicha, oltin kesim tamoyili — bu yuz va tana proporsiyalarini estetik jihatdan eng uyg‘un va chiroyli ko‘rinishga keltirish uchun qo‘llaniladigan matematik asosli nisbatdir.
Plastik jarroh o‘z metodikasini “ilmiy yondashuv” deb ataydi. U kompyuter algoritmlari yordamida yuz chiziqlari, simmetriyasi, nisbatlari hamda “Oltin kesma” (Golden Ratio) deb ataluvchi qadimgi geometriya qoidalariga muvofiqlikni baholaydi. De Silvaning ta’kidlashicha, zamonaviy xaritalash texnologiyalari inson yuzining mukammallikka qanchalik yaqinligini aniq ko‘rsatib bera oladi.
Jarrohning parametrlari bo‘yicha Emma Stoun g‘olib bo‘lgan: uning qosh shakli eng yuqori baho (94,2%)ni olgan, boshqa toifalarda ham yuqori ko‘rsatkichlarga ega. Uning iyagi 97% ko‘rsatkich bilan “deyarli mukammal”, labi esa 95,6% ijobiy natijaga ega. Mutaxassislarning fikricha, Stounning tabiiy mimikasi, yuzining simmetriyasi va ko‘zlaridagi ifoda uni estetik jihatdan juda go‘zal qiladi.

Reytingda ikkinchi o‘rinni olgan Zendaya ko‘zlari uchun eng yuqori ballni (97,3%) oldi, uning lablari esa 99,5% bilan “ideal” deb baholangan. Britaniyalik aktrisa Vanessa Kirbi eng mukammal yuz shakli bo‘yicha rekord darajadagi 99,8% natijani qayd etgan. Ushbu ko‘rsatkich ekspertlar fikricha, yuz simmetriyasi va konturining mukammal uyg‘unligidan dalolat beradi.

De Silvaning tadqiqotlari yildan-yilga mashhur bo‘lib bormoqda. U avval ham “eng chiroyli erkak”, “eng chiroyli burun shakli” yoki “eng mukammal tabassum” kabi reytinglarni tuzgan. Bu yil esa u “Bridjertonlar” seriali yulduzi Rege Jan Peyjni dunyoning eng chiroyli erkagi deb topdi.

To‘liq reyting quyidagicha:
- Emma Stoun – 94,72%
- Zendaya – 94,37%
- Frida Pinto – 94,34%

- Vanessa Kirbi – 94,31%

- Jenna Ortega – 93,91%

- Oliviya Rodrigo – 93,71%

- Margo Robbi – 93,43%

- Ayshvariya Ray – 93,41%

- Tan Vey – 93,08%

- Beyonse – 92,4%

Live
Barchasi