Ayrim bemorlar alohida nazoratda bo‘ladi: “Elektron retsept” tizimi bo‘yicha tushuntirish berildi

Jamiyat

image

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda elektron retseptlar tizimini joriy etish masalasi faol muhokama qilinmoqda. Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur tizim bo‘yicha qo‘shimcha tushuntirish berdi.

Qayd etilishicha, “Elektron retsept” tizimini joriy etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – davolash xavfsizligini oshirish va bemorlar salomatligini himoya qilish, shifokorlarning dori tayinlashdagi mas’uliyatini kuchaytirish, dori vositalarini tayinlash jarayonini tartibga solish, sog‘liqni saqlash tizimida raqamli hisobga o‘tish, shuningdek, kontrafakt yoki noto‘g‘ri qo‘llanilayotgan dori vositalari aylanmasi bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishdan iborat.

“Elektron retsept” tizimi hozirda Toshkent shahri va normativ hujjatlar bilan belgilangan 15 ta tumanda joriy etilmoqda. Tizimni butun respublika bo‘ylab kengaytirish 2026 yil oxirigacha bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu – natijalarni tahlil qilish, aniqlangan tashkiliy va texnik muammolarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi. Ko‘zlangan maqsad – zaif jihatlarni aniqlash va to‘liq joriy etishdan oldin mexanizmlarni takomillashtirishdan iborat.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarning xavotirini to‘liq tushunadi va ta’kidlaydiki: favqulodda holatlarda, shuningdek, bolalarga, keksa yoshdagi shaxslarga va surunkali kasallikka chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishda hech kim zarur dori vositalarisiz qolmaydi. Ushbu toifadagi bemorlar alohida nazoratda bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, yangi tizimni joriy qilish davri mobaynida Sog‘liqni saqlash vazirligida vazir rahbarligida doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruh tashkil etilgan. Ushbu guruh tarkibiga shifokorlar, dorixona tashkilotlari va AKT mutaxassislari kiradi. Ishchi guruh tizimning amalda qo‘llanilishini muntazam monitoring qiladi, fuqarolar va tibbiyot xodimlarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi, poliklinikalarga tushayotgan yuklamani, raqamli servislar barqarorligini va dori vositalarini berish tartibini tahlil qiladi. Zarur hollarda tezkor tarzda tegishli tuzatishlar kiritiladi.

Shifokor retseptisiz beriladigan asosiy hayotiy muhim dori vositalarining bazaviy ro‘yxati shakllantirilgan. Uning maqsadi – kundalik va favqulodda maishiy holatlarda aholiga tezkor tibbiy yordam olish imkoniyatini ta’minlash. Ro‘yxat xalqaro amaliyot, shifokorlar tavsiyalari va hayotiy holatlardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy axborot resurslarida e’lon qilingan. Bu jarayonda u amaliy qo‘llanish natijalari va kelib tushayotgan takliflar asosida aniqlashtirilishi va to‘ldirilishi mumkin.

Toshkent shahri va 15 ta tajriba hududlarida joylashgan dorixonalarda joriy qilingan “Elektron retsept” tizimi doirasida vujudga kelayotgan murojaatlarni qabul qilish uchun telegram @ssv_pilotbot tashkil etilgan. Ushbu bot orqali ushbu tizim va dori vositalarini berish bilan bog‘liq barcha murojaatlar ustuvor tartibda ko‘rib chiqiladi.

“Elektron retsept” tizimini joriy qilish jarayonlari haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jamoatchilik muntazam ravishda xabardor qilib boriladi.

“Vazirlikning asosiy vazifasi – davolash xavfsizligi bilan zarur dori vositalarining mavjudligi o‘rtasida muvozanatni ta’minlash, barcha qarorlarni faqat bemor manfaatlaridan kelib chiqqan holda qabul qilishdan iborat”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, “Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish buyicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori bilan 12 dekabrdan boshlab DMED elektron retsept tizimi ishga tushiriladi. Barcha retsept bo‘yicha beriladigan dori-darmonlar faqat raqamli retsept asosida beriladi. 

Eslatib o‘tamiz, biroz avval Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov jurnalistlar bilan suhbatda O‘zbekistonda retsepsiz beriladigan dorilar soni 11 825 tani tashkil etayotganini aytgan edi. Mamlakatga import qilinayotgan 4 971 ta dori turi faqat O‘zbekiston uchun ishlab chiqariladi. Eng ko‘p dori vositalari, asosan, Hindistondan kirib kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Elektron retsept shifokor retsepti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing