Elektr uzilishi ortidan 64 ta kon vaqtincha faoliyatini to‘xtatdi. Benzin nima bo‘ladi?
Jamiyat
−
25 yanvar 2022 6244 2 daqiqa
“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufida Gazli, Sho‘rtan va Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalaridagi 64 ta kon vaqtincha faoliyatini to‘xtatdi. Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi esa muqobil elektr energisi mavjudligi sababli ishlamoqda. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan korxonalardan – Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, 3 ta gazni qayta ishlovchi zavod (Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi va “Uzbekistan GTL”) faoliyatini to‘xtatdi va elektr energiya berilishi bilan ularni ish rejimiga tushirish grafiklari ishlab chiqildi hamda vaqtinchalik shtab tashkil etildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, iqtisodiyot tarmoqlari hamda aholiga suyultirilgan gaz va neft mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berilmoqda, ayni vaqtda uzilishlar mavjud emas. 14 ta neft bazada va Toshkent shahrida dizel yoqilg‘isi hamda benzin mahsulotlari tizimli yetkazib berilmoqda va 29 ta mobil yoqilg‘i quyish shoxobchalari ish faoliyatini boshlagan.
Bundan tashqari, neft bazalarga barcha korxona va tashkilotlarga kechagi kungi o‘rtacha birja narxidan kelib chiqib benzin va dizel yoqilg‘isini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish topshirig‘i berilgan. Bugungi kunda 47 ming tonna benzin (20 kunlik), 144 ming tonna (4 oylik) dizel yoqilg‘isi zaxirasi mavjud.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash muassalari alohida nazoratga olinib, qayerda dizel yoqilg‘isida uzilishlar bo‘lsa, neft bazalar uzluksiz yetkazib berilishi choralari ko‘rilgan.
“O‘zbekneftgaz” AJ tizim korxona va tashkilotlari o‘zlariga yuklatilgan vazifani so‘zsiz bajarish bo‘yicha barcha imkoniyatlar safarbar etiladi. Hozirda, “O‘zbekneftgaz” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” AJning tegishli mutaxassislari hamkorligida yuzaga kelgan holatni bartaraf etish bo‘yicha tezkor ishlarni amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi