“El-Klasiko”: “Real” azaliy raqibini mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi
Sport
−
13 yanvar 2022
4042Bugun, 13 yanvar kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida Ispaniya Superkubogining ilk finalchisi aniqlandi. Karlo Anchelotti boshchiligidagi “Real Madrid” murosasiz bahsda Xavi boshchiligidagi “Barselona” ustidan g‘alaba qozondi – 3:2. Madrid klubi ketma-ket 5-uchrashuvda ham “Barsa”ni mag‘lubiyatga uchratishning uddasidan chiqdi.
Kataloniyaliklar uchrashuv davomida ikki marta ortga “kambek” amalga oshirishga muvaffaq bo‘lishdi, biroq ular Federiko Valverdening 120-daqiqada kiritgan goliga javob bera olishmadi. “Qirollik klubi” esa finalga yo‘l oldi.
Ushbu “jang” bir vaqtning o‘zida rekordlar bilan yodda qoldi. Avvaliga bu “ko‘k-anorranglilar” himoyachisi Dani Alvesh uchun faoliyatidagi 1000-o‘yin bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. “Qaymoqranlilar” esa azaliy raqibi ustidan qozongan g‘alabalari sonini 100 taga yetkazib oldi.
Jamoalar shu paytga qadar “El-Klasiko”da 248 marta to‘qnash kelgan. “Barselona” 96 bahsda g‘alaba qozongan, 52 marta durang qayd etilgan. To‘plar nisbati 415-404, madridliklar foydasiga.
Shunday qilib, “Qirollik klubi” Ispaniya Superkubogi finalida “Atletiko Madrid” – “Atletik Bilbao” juftligi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.
LiveBarchasi