Ekspertlik so‘rovi: o‘zbekistonliklar dunyodagi urushlarni yoqlaydimi?

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston aholisi dunyoning barcha davlatlarini tinchlik bo‘lishini xohlaydi va turli hududlardagi harbiy harakatlardan qayg‘uga tushadi. Buni “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan O‘zbekiston jamoatchiligining tinchlik qadriyatiga bo‘lgan munosabati darajasini aniqlash maqsadida o‘tkazgan ekspertlik so‘rovi tasdiqladi.

So‘rovda 720 kishi — hududlarda tashkil etilgan mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhlari a’zolari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari va faollari, biznes, akademik hamjamiyat va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Ularning 397 nafarini (55,2 foizi) erkaklar, 323 nafarini (44,8 foizi) ayollar tashkil etdi. Ishtirokchilar O‘zbekistonning barcha hududlaridan birdek qamrab olingan.

Natijalar tahlili shuni ko‘rsatdiki, harbiy harakatlar o‘zbekistonliklarda qayg‘u va qo‘rquvni uyg‘otadi. Jumladan, “Boshqa mamlakatlar hududidagi harbiy harakatlar sizda qanday his-tuyg‘u uyg‘otadi?” savoliga 359 kishi yoki so‘ralganlarning 49,9 foizi “qayg‘u” deb javob bergan.

Javoblar orasida ikkinchi o‘rinda “qo‘rquv” (110 kishi yoki 15,3 foiz), uchinchi o‘rinda “nafrat” (105 kishi yoki 14,6 foiz) belgilangan. Bunda “nafrat” degan javobni ayollarga qaraganda ko‘proq erkaklar tanlagan (27 foiz ayollar, 73 foiz erkaklar). Harbiy harakatlar ayollarda ham, erkaklarda ham teng miqdorda qo‘rquv va qayg‘u his-tuyg‘ularini uyg‘otishi ma’lum bo‘ldi. Respondentlarning 10 foizga yaqini bu qaysi mamlakatda sodir bo‘layotganiga bog‘liqligini, 9,2 foizi esa vahimaga tushishini bildirgan. Bironta respondent “xursandchilik” javobini tanlamagan.

O‘zbekistonning faol jamoatchiligi nafaqat o‘z yurtida, balki butun dunyoda tinchlik bo‘lishini yoqlaydi. So‘rovning aksariyat ishtirokchilari, ya’ni 672 nafari yoki 93,3 foizi “Men butun dunyoda tinchlik bo‘lishini istayman” javobiga to‘liq qo‘shilgan. Qatnashchilarning 27 nafari (3,8 foiz) O‘zbekistonda, 21 nafari (2,9 foiz) Markaziy Osiyoda tinchlik bo‘lishini istaydi.

Shuningdek, jamoatchilik faollari jabrlanganlarga gumanitar yordam ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Ekspertlik so‘rovi natijasiga ko‘ra, 664 nafar respondent (92,2 foiz) O‘zbekistonning tashqi siyosat prinsiplarini to‘liq, 48 nafari (6,7 foizi) qisman qo‘llab-quvvatlaydi.

Fuqarolar O‘zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasiga asosan, bloklarga qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolish muhimligini qayd etmoqda. O‘zbekistonning harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik siyosatiga 621 nafar respondent (86,3 foizi) qo‘shiladi va to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, 74 nafari (10,3 foizi) bunga neytral munosabatda, 25 nafari (3,4 foizi) esa harbiy bloklarga qo‘shilish kerak, deb hisoblaydi. Ekspertlar O‘zbekistonning “o‘tkir masalalardan qochmasdan, oqilona murosa yo‘lini izlash” tamoyiliga asoslangan mintaqaviy siyosatini, tinchlik va taraqqiyot, barqaror rivojlanish va yaxshi qo‘shnichilik yo‘lida BMT tuzilmalari bilan yaqin hamkorligini qo‘llab-quvvatlaydi.

Global/mintaqaviy muammolarni faqat xalqaro tashkilotlar, shu jumladan BMT ishtirokida diplomatiya yo‘li bilan hal qilish maqsadga muvofiq. So‘rovning 440 nafar qatnashchisi (61,1 foizi) shunday hisoblaydi. Respondentlarning beshdan bir qismining fikricha, global va mintaqaviy muammolarni faqat dunyo yetakchilari bilan hamkorlikda hal qilish kerak. 18,6 foiz respondentga ko‘ra, bu masalaga faqat ikki tomon – mojaro qilayotgan davlatlar ishtirokida yechim topish mumkin. Bir nafar so‘rov ishtirokchisi “harbiy kuchlarni ishlatgan holda” degan javobni bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

61

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing