O‘zbekistondagi bolalarda ham “Kavasaki  sindromi” kuzatilayotgan bo‘lishi mumkin – Ekspert

Salomatlik

image

Koronavirus  yuqtirib olgan bolalarda  "Kavasaki  sindromi" alomatlari paydo bo‘lmoqda. Ushbu sindrom O‘zbekistondagi bolalarda ham kechayotgan bo‘lishi mumkin. Biroq, O‘zbekistonda bu sindrom bilan og‘rish holati hali rasman tasdiqlanmadi. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva ma’lum qildi. 

“Kavasaki sindromi” genetik kasallik bo‘lib, u asosan 4-5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi. Bu — juda ham kam uchraydigan katta va mayda qon tomirlar o‘zgarishi, bola organizmining tizimli o‘zgarishi bilan kechadigan kasallik. 

Bugungi kunda rivojlangan davlatlarda, Rossiya Federatsiyasi va qo‘shni Qozog‘istonda ham bu sindromga o‘xshash holatlar bolalarda kuzatilayotgani haqida ma’lumotlar bor”, deydi ekspert.

O‘zbekistonda bolalarning koronavirusga chalinishi bilan ochiq ma’lumotlar mavjud emas. Sog‘liqni saqlash vazirligiga jurnalist tomonidan bolalar o‘rtasida koronavirus aniqlanishi va o‘lim holatlari bo‘yicha bir necha bor murojaat qilinganiga qaramay, SSV bu masalada sukut saqlab kelmoqda. 

Shtab a’zosi “Kavasaki sindromi” haqida gapirarkan, O‘zbekistonda bu kasallik uchramadi deyish qiyinligini urg‘ulaydi. 

“Bizning davlatimizda bu kasallik uchramadi deyishimiz qiyin, balki bolalarda kechgan o‘rta og‘ir turlarida bu kasallik belgilari o‘xshash holatlar kuzatilgan bo‘lish ehtimoli bor. 

Bizda bu sindrom uchradi deyishimiz uchun kasallik tasdiqlanishi kerak. Bugungi kunda bu sindromga o‘xshash holatlar aniq o‘z tasdig‘ini topmadi.  Biroq bu bizda kuzatilmaydi ham degani emas. Kavasaki sindromiga o‘xshash kasalliklar bolalarda kuzatilishi va ko‘payishi ham mumkin”, deydi Sevara Ubaydullayeva.  

Ta’kidlanishicha, bu sindromga o‘xshash kasallik  kelib chiqishida koronavirus ta’sirida bola organizmida kechadigan kuchli yallig‘lanish uning immun tizimini kuchayishi, qon-tomirlar o‘tkazuvchanligining buzilishini keltirib chiqaradi.

Bunda bolaning tana harorati 5 kun va undan ortiq 38 darajadan yuqori bo‘ladi. Tanasida turli toshmalar toshishi, qo‘llar kafti va tovonlar terisi ko‘chishi kuzatilishi mumkin. 

“Bola organizmida kechayotgan jarayonni og‘ir yoki yengilligiga qarab bu belgilar kuzatiladi.  

Ota-onalar bolalarda shamollash alomatlarini paydo bo‘lishi bilan poliklinikalardagi oilaviy shifokor yoki pediatrga murojaat etishi lozim.

Bu sindrom yurak miokardiga bo‘lgan ta’siri sabab miokardit kasalligini keltirib chiqaradi, ba’zi hollarda bola organizmidagi kuchli immun reaksiya uning o‘limi sababchisi bo‘lib qolishi ham mumkin”, deydi ekspert.


Maqola muallifi

Teglar

Kavasaki  sindromi

Baholaganlar

694

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar