Ekspert fikri: ish beruvchining zimmasidagi “ortiqcha yuk”larni olish vaqti kelmadimi?
Jamiyat
−
09 yanvar 2020
8840O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PF-5635-son Farmoniga 1-ilova 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida 2019 yil 20 dekabrga qadar mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining yangi таҳририni ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan edi. Bunda xodim bilan bir vaqtda ish beruvchining ham manfaatlarini ifodalaydigan normalar nazarda tutilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Amaldagi Mehnat kodeksida ish beruvchining manfaatlarini cheklaydigan, ish beruvchini ilojsiz holatga solib qo‘yadigan ba’zi normalar mavjud. Shulardan biri homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmasligidir (Mehnat kodeksi 237-moddasi).
Ushbu normaga ko‘ra, homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno. Bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi. Bu ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonun hujjatlarida belgilangan tegishli ijtimoiy to‘lovlar bilan ta’minlagan holda amalga oshiradi.
Muddati tugagani sababli mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ham ish beruvchi ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan ayollarni ishga joylashtirishi shart. Ishga joylashtirish davrida bu ayollarning ish haqi saqlanib qoladi, biroq bu muhlat muddatli mehnat shartnomasi tugagan kundan boshlab uch oydan oshmasligi kerak.
Bu norma bozor iqtisodiyoti sharoitida ko‘plab ish beruvchilarga tushov bo‘lmoqda. Amaliyotda ayrim homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar tomonidan qonunchilik tomonidan berilgan ushbu kafolatlarni suiiste’mol qilish holatlari kuzatilmoqda. Ya’ni, mehnat intizomiga ongli ravishda rioya qilmaslik, ish beruvchining qonuniy farmoyishlarini o‘z vaqtida va aniq bajarmaslik. Xodimning noloyiqligi va ishni uddalay olmayotganligini isbotlovchi aniq faktlar mavjud bo‘lsa ham, ish beruvchilar malakasi va mehnat unumdorligi o‘ta past bo‘lgan bunday toifa xodimlar bilan ishlashga majbur bo‘lishmoqda. Bu esa tashkilotga iqtisodiy jihatdan ham qimmatga tushmoqda.
Bunday vaziyatlarda ish beruvchi nima qila oladi?
Faqatgina yuqoridagi xodimlarga quyidagi intizomiy jazolardan birinigina qo‘llay olishi mumkin:
• hayfsan;
• o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima;
• ichki mehnat tartibi qoidalarida nazarda tutilgan holatdagina o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima.
Afsuski, ish beruvchi homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan o‘z tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qila olmaydi. Bunday toifa xodimlar tomonidan o‘z mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi yoki bir marta qo‘pol ravishda buzganligi ham mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos bo‘la olmaydi. Ish beruvchi yuqorida qayd etilgan intizomiy jazolardan birini qo‘llash bilan kifoyalanadi, xolos.
Ish beruvchi homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini o‘z tashabbusi bilan bekor ham qildi deylik. Oqibati nima bo‘ladi?
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 148-moddasi (Mehnat qilish huquqini buzish) 2-qismiga ko‘ra ayolni homiladorligi yoki yosh bolani parvarish qilayotganligini bila turib, uni ishga olishdan g‘ayriqonuniy ravishda bosh tortish yoki ishdan bo‘shatish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Diqqat! Shuni unutmangki, Jinoyat kodeksi 148-moddasi 2-qismi ma’muriy preyuditsiyaga ega emas. Ya’ni, aybdor avval shunday qilmishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasida (Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) ko‘rsatilgan ma’muriy jazoga tortilganidan so‘ng bir yil davomida takror ravishda xuddi shu qilmishni sodir etgan bo‘lishi shart emas.
Ya’ni, agar ish beruvchi ayolni homiladorligi va uch yoshga to‘lmagan bolasi borligini bila turib mehnat shartnomasini o‘z tashabbusi bilan g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Ikkinchidan, mehnat shartnomasi qonunni ochiq-oydin buzgan holda bekor qilingan deb topiladi, sud mehnat shartnomasi bekor qilinganligini noqonuniy deb topadi va xodimning ishga tiklash haqidagi talabini qanoatlantiradi.
Uchinchidan, xodimni ishga tiklashda unga yetkazilgan zararni qoplash majburiyati ish beruvchiga yuklanadi. Xodimga yetkazilgan zararni qoplash quyidagilardan iborat:
• majburiy progul vaqti uchun so‘zsiz haq to‘lash (MKning 275-moddasi);
• mehnat shartnomasini bekor qilish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarni (mutaxassislar maslahati, yo‘lkira va boshqalarni) qoplash;
• ma’naviy zararni qoplash. Ma’naviy zarar miqdori ish beruvchining xatti-harakatlariga baho bergan holda aniqlanib, u xodimning oylik ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas.
Xodimning iltimosiga ko‘ra sud uni ishga tiklash o‘rniga (majburiy progul vaqti uchun ish haqi, ma’naviy zarar, mehnat shartnomasini bekor qilish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlardan tashqari) uch oylik ish haqidan kam bo‘lmagan qo‘shimcha kompensatsiya undirib berishi mumkin (MK
112-moddasi 2-qismi).
To‘rtinchidan, amaliyotda ayrim ish beruvchilar homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni qistov bilan yoki turli tahdidlar vositasida mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilishga harakat qiladilar.
Diqqat! Aslo bunday qila ko‘rmang! Agar xodim men arizani ish beruvchining qistovi natijasida yozganman degan da’vo bilan sudga murojaat qilgan taqdirda, mehnat shartnomasini bekor qilinishining asosliligini isbotlab berish majburiyati ish beruvchiga yuklatilishini esdan chiqarmaslik lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998 yil 17 apreldagi 12-sonli «Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida»gi qarorining 15-bandida sudlar da’vogarning mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizani ish beruvchining qistovi natijasida berganligi to‘g‘risidagi vajlarini sinchkovlik bilan tekshirishlari lozimligi ta’kidlangan.
Amaldagi Mehnat kodeksining 111-moddasi 2-qismida nizoni ko‘rish vaqtida ish beruvchiga mehnat shartnomasini bekor qilish yoki xodimni boshqa ishga o‘tkazishning asosliligini isbotlab berish mas’uliyati yuklatilishi nazarda tutilgan.
Qanday holatlarda homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin?
1. Taraflarning kelishuviga ko‘ra (MK 97-moddasi 1-bandi). Ushbu asosga binoan mehnat shartnomasining barcha turlari istalgan vaqtda bekor qilinishi mumkin. Asosiy shart ish beruvchi va xodimning o‘zaro kelishuvidir. Agar tomonlardan biri rozi bo‘lmagan taqdirda ham, mehnat shartnomasini ushbu asos bilan bekor qilib bo‘lmaydi.
2. Xodimning tashabbusi bilan bekor qilish (MK 99-moddasi).
3. Xodim bilan mehnat shartnomasi u yangi mehnat shartlari asosida ishlashni davom ettirishni rad etganligi sababli bekor qilinishi mumkin. Bunda holatda xodimga o‘rtacha oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanadi (MK 89-moddasi).
4. Muddatli mehnat shartnomasini muddati tugashi munosabati bilan bekor qilish(MK 105-moddasi).
Diqqat! MK 237-moddasi 2-qismi talabiga ko‘ra, muddati tugaganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ish beruvchi homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni ishga joylashtirishi shart. Ishga joylashtirish davrida bu ayollarning ish haqi saqlanib qoladi, biroq bu muhlat muddatli mehnat shartnomasi tugagan kundan boshlab uch oydan oshmasligi kerak.
5. Mehnat shartnomasining taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlar bo‘yicha bekor qilinishi (MK 106-moddasi). Masalan, xodimning vafoti munosabati bilan, xodimni jazoga mahkum etgan sudning hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda, basharti buning natijasida xodim avvalgi ishini davom ettirish imkoniyatidan mahrum etilgan bo‘lsa, shuningdek xodim sudning qaroriga binoan ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasiga yo‘llangan taqdirda va boshqa holatlar.
6. Korxonaning tugatilganligi munosabati bilan mehnat shartnomasini bekor qilish (MK 100-moddasi, 2-qism 1-bandi).
7. Mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra (MK 97-moddasi 5-bandi).
Mehnatga oid munosabatlarni bekor qilish to‘g‘risidagi shart mehnat shartnomasida bu shartnoma ish beruvchi tomonidan korxona rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter bilan, korxonada bosh buxgalter lavozimi bo‘lmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini amalga oshiruvchi xodim bilan tuzilganda, shuningdek qonunda yo‘l qo‘yiladigan boshqa hollarda ham nazarda tutilishi mumkin.
Masalan, xodimni bosh buxgalter lavozimiga ishga olish jarayonida, agarda bosh buxgalter korxonadagi moliyaviy intizomni ta’minlay olmasa, ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilish huquqiga egaligi haqidagi band mehnat shartnomasida kiritilgan bo‘lsa, bosh buxgalter bilan mehnat shartnomasi uning homiladorligi yoki uch yoshga to‘lmagan bolasi borligiga qaramasdan bekor qilinishi mumkin.
8. Yangi muddatga saylanmaganligi (tanlov bo‘yicha o‘tmaganligi) yoxud saylanishda (tanlovda) qatnashishni rad etganligi munosabati bilan
(MK 97-moddasi 6-bandi).
Muhammadamin Karimjonov
Toshkent davlat yuridik universiteti
Mehnat huquqi kafedrasi o‘qituvchisi
LiveBarchasi