Ekologiya qo‘mitasi Trampning so‘nggi qarorlaridan biriga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
18 fevral 2021
4537Xabaringiz bor, AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp vakolat muddati tugashi arafasida Qashqadaryo viloyati Xonobod shahridagi AQSH harbiy bazasida 2001-2005 yillarda xizmat qilgan amerika xarbiylari jangovar harakatlar o‘chog‘ida ishtirok etgani sababli onkologik kasalliklarga uchragani uchun ularga unvonlar va qo‘shimcha vasiylik belgilash to‘g‘risida qaror chiqargandi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi Xonobod aerodromida radiatsiya va toksik nurlanish borligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirib, bu bo‘yicha o‘rganish boshlanganini ma’lum qildi. Bu haqda Qo‘mita raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov matbuot anjumanida yaqin kunlarda bu haqda ma’lumot berilishini ta’kidladi.
“Biroz orqaga qaytadigan bo‘lsak, paxta va g‘alla sohasida bizda juda katta plantatsiyalar bo‘lgan. Shu bois hududlarda kichik aerodromlar ham bo‘lgan, ularda esa samolyotda paxta ustiga sepiladigan kimyoviy moddalar bo‘lgan.
Kichik aerodromlar orqali parvoz qilgan kichik samolyotlar dala ustidan kimyoviy moddalarni sepishgan. Adashmasam, bizda 17 ta kimyoviy poligonimiz bor, undan tashqari 33 ta kimyoviy poligonlarni rekultivatsiya qilib yopdik”, deydi Boqijonov so‘zi avvalida.
U amerikalik harbiylar joylashgan hududga kirish imkoniyati bo‘lmaganini, shu sababli u yerning havosi tahlillarini yuritilmaganini ham aytib o‘tdi. Ma’lum bo‘lishicha, harbiy hududda ham samolyotlarning dalalarga kimyoviy modda sepishi uchun mo‘ljallangan aerodrom bo‘lgan.
“AQSH harbiylari joylashgan Xonobod aerodromi – harbiy hudud, qo‘riqlanadigan zona bo‘lgani uchun u yerga kirish imkoniyatimiz bo‘lmagan. Shu sababli hududning ekologik tahlilini yoki holatini shu paytgacha o‘rgana olmaganmiz. 2001 yildan boshlab ushbu hudud harbiylarning hisobida turgani bois aniqlik kirita olmaganmiz.
Bilishimizcha, o‘sha yerda ham xuddi shunaqa kimyoviy dorilar ortilgan samolyotlar uchun mo‘ljallangan aerodrom bo‘lgan ekan. Ya’ni insonning nafas yo‘llariga ta’sir ko‘rsatadigan darajada dalalarga dorilar sepishga jalb etilgan aerodrom bo‘lgan.
Biz, o‘zimizning laboratoriyalarimizda, u yerni o‘rganish ishini boshlaganmiz. Haqiqatda shu narsa bo‘lganmi o‘sha yerda, aytilayotgan gaplar haqiqatmi-yo‘qmi, shunga aniqlik kiritmoqchimiz. O‘sha bo‘yicha ish olib boryapmiz va yaqin kunlarda bu haqda ma’lumot beramiz” deya vaziyatga izoh berdi qo‘mita vakili.
Ma’lumot uchun, Amerikada K2 deb ataluvchi Qarshi-Xonobod harbiy bazasi 2001 yil 11 sentyabr teraktlaridan keyin Afg‘onistonda terrorizmni yo‘qotish uchun Vashington boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlariga operatsiya o‘tkaziladigan muddatga foydalanishga berilgandi.
2001–2005 yillarda ushbu aerodromda xizmat qilgan 15 777 nafar amerikalik harbiy xizmatchining 75 foizi, ya’ni 11 832 nafari saraton va boshqa kasalliklarni orttirgani aytilmoqda.
LiveBarchasi