Ekologik partiya nomzodi Hamzayev Prezident bo‘lsa nimalar qilmoqchilgini aytdi

Jamiyat

image

Bugun, 30 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Ekologik partiyasining navbatdan tashqari IV s’ezdi bo‘lib o‘tdi.  Qurultoyda O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Prezidentlikka nomzod hamda nomzodning dasturi tasdiqlandi. Bu haqda partiyaning matbuot xizmati xabar berdi.

S’ezdda O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod sifatida partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Hamzayev Abdushukur Xudoyqulovich nomzodi qo‘llab-quvvatlangan. Shuningdek, sezdda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzodning dasturi to‘g‘risidagi masala ham atroflicha muhokama qilingan.

Nomzod dasturida mamlakatda iqtisodiyotni isloh qilishga qaratilgan bir qator tashabbuslar ilgari surilgan. Xususan, pestitsidlardan foydalanishdan voz kechishga yo‘naltirilgan “Yashil O‘zbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqish, “Yashil viza” dasturini joriy etish, tarmoqlar va hududlarning “yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi”ni ishlab chiqish, yuk tashishni yirik mashinalardan temir yo‘llarga o‘zgartirishga qaratilgan choralar alohida e’tirof etilgan.Xususan, ijtimoiy sohada davlat stomatologik klinikalarini rivojlantirish, shaharlar Bosh rejalarini tuzishda kamida 30 foizli yashil maydonlar yaratish talabini mustahkamlash, shaharsozlik faoliyatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, normativ hujjatlarni qabul qilishda atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimini joriy etish, bir martalik ishlatiladigan plastik va poliyetilen tarkibli idishlardan foydalanishdan bosqichma-bosqich voz kechish, elektron sigaretlarni mamlakatga olib kirishni ta’qiqlash, 2030 yildan boshlab mamlakatda ichki yonuv dvigatelli yengil avtomobillarni sotishni hamda chetda olib kirishni ta’qiqlash kabi tashabbuslar ilgari surilgan.

Dastur muhokamasi jarayonida, shuningdek, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq sohasini isloh qilishga qaratilgan takliflarga to‘xtaligan. Xususan, ekologik qonunchilikni kodifikatsiya qilish orqali Ekologiya, Suv, O‘rmon kodekslarni qabul qilish, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi Qonunni hamda “Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish to‘g‘risida”gi dasturni qabul qilish, ekologik sug‘urtalash tizimini rivojlantirish, malakali yuridik yordam va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ekolog-huquqshunoslarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, barcha tizimdagi davlat idoralari faoliyatida, tenderlarda, davlat xaridlarida ochiqlik va shaffoflikni kengaytirish choralarini kuchaytirish, ma’muriy organlar tomonidan jarima qo‘llashni qisqartirib, sudlarga kengroq vakolat berish, yo‘l harakati xavfsizligini faqat qonun asosida tartibga solishni yo‘lga qo‘yish o‘rin olgan.

Bundan tashqari, davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi takliflar ham e’tirof etilgan. Jumladan, davlat ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan “Barqaror ekologik rivojlanish strategiyasi“ni qabul qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish istiqbollarini belgilashga qaratilgan “Yashil energetika strategiyasi”ni qabul qilish, suvdan samarali foydalanish va uning mahsuldorligini oshirishga qaratilgan Milliy dasturni ishlab chiqish, qator xalqaro hujjatlarga a’zo bo‘lish kabi takliflar shular jumlasidandir.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing