Ekofaol yoki buzg‘unchi? Xorijda san’at asarlarini “dabdala” qilayotganlar kim?
Olam
−
27 Oktabr 2022
4743Ekofaol degan tushuncha jamiyat ongida hamisha tabiyatga va atrof muhitga zarar yetkazilishiga qarshi kurashuvchi shaxs sifatida namoyon bo‘ladi. Ular tabiat ne’matlarini va sayyorani boricha asrab qolish uchun kurashadi. Ammo joriy yilning fevral oyidan namoyon bo‘layotgan “Just Stop Oil” (Faqat neftni to‘xtating) harakati, ekologik muammolarga odamlarning e’tiborini qaratish uchun buzg‘unchi harakatlardan foydalanmoqda. Boshlanishiga bezorilar sifatida hech kim jiddiy qaratmagan harakat bugunga kelib OAVning diqqatini torta boshladi. Ayrimlar ularning joyi qamoqda desa, boshqalar ularni iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashayotgan jonkuyarlar sifatida e’tirof etmoqda.
Gap shundaki, Buyuk Britaniyada yuzaga kelgan va o‘zlarini ekofaol deya iddao etayotgan harakat, Britaniya hukumatidan yoqilg‘i qazib olish uchun yangi neft quduqlarini litsenziyalash va ishlab chiqarishni to‘xtatishni talab qilmoqda.
Dastavval, 30 kishidan iborat namoyishchilar guruhi, 15 mart kuni Britaniya kino akademiyasining taqdirlash marosimi (BAFTA)da mashhur kinoijodkorlarni iqlim haqida gapirtirmoqchi bo‘ldi. Ular qizil yo‘lak bo‘ylab yo‘nalishni to‘sishga, harakat yozuvlarini namoyish etishga va tutun chiqaruvchi moslamalardan foydalanishga ulgurdi. Ammo politsiya xodimlari tartibni saqlashning uddasidan chiqdi.
Harakat ishtirokchilari mart oyi davomida Arsenal, Everton, Tottenxem, Vulverxempton futbol klublarining uy uchrashuvlarida o‘yinni to‘xtatib qo‘yishga urindi.
Aprel oyida yoqilg‘i quyish shoxobchalarini, neft mahsulotlarini yetkazib beruvchi yuk avtomobillari yo‘lini to‘sib qo‘yishdi.
3 iyul kuni guruh a’zolari “Formula-1” poygalarining Britaniya gran-prisi vaqtida asfalt yo‘lga chiqib o‘tirib olishdi. Bu holat poyga vaqtidagi to‘qnashuv tufayli yuzaga kelgan tanaffusda yuz bergani uchun hech kim jabrlanmadi va namoyish ishtirokchilari hibsga olindi. “Formula-1” prezidenti Stefano Domenikali bunday usuldagi namoyishlarni qattiq tanqid qildi.
2022 yil iyul oyidan e’tiboran “Just Stop Oil” tarafdorlari san’at galereyalaridagi asarlarni nishonga olishni boshladi. Ularning birinchi o‘ljasi Jon Konstebl 1821 yilda chizgan “Pichan aravasi” asari bo‘ldi. Ikki nafar ekofaol devordagi suratni boshqa fotosurat bilan yopib, bu Yerning kelajakdagi fojiali ko‘rinishi bo‘lishi mumkinligini aytdi. Ular politsiya tomonidan hibsga olindi, surat esa restavratorlar tomonidan tekshiruvga jo‘natildi.
5 iyul kuni ularning bir guruhi Qirollik san’at akademiyasida Leonardo da Vinchining “So‘nggi kechki ovqat” asari ostidagi devorga purkagich yordamida No New Oil (Yangi yoqilg‘ilarga yo‘q) deb yozib qo‘ydi.
Ular 26 avgust kuni London markazidagi yettita yoqilg‘i quyish shoxobchasini to‘sib qo‘ydi va AYOQSHdagi texnik jihozlarga zarar yetkazdi. Jami 43 kishi buzg‘unchilik aybi bilan hibsga olindi.
14 oktyabr kuni “Just Stop Oil” namoyishchilari Buyuk Britaniya milliy galereyasidagi Vinsent van Gog tomonidan 1888 yilda chizilgan “Kungaboqarlar” asariga pomidor sharbatini sepdi. Oqibatda ramkaga ozgina zarar yetgan, ammo, surat shikastlanmagan.
24 oktyabr kuni “Just Stop Oil” harakatining ikki nafar ishtirokchisi madam Tyusso muzeyidagi qirol Charlz III ning mum haykaliga tort uloqtirdi. Shundan so‘ng ular muzey tashrif buyuruvchilariga iqlim o‘zgarishi haqida gapirib, neft va gaz qazib olishni to‘xtatishni talab qildi.
“Just Stop Oil” harakati amalga oshirayotgan buzg‘unchiliklar boshqa ekofoallarni ham ilhomlantirmay qolmadi. 23 oktyabr kuni Germaniyaning Potsdam shahrida “Letzte Generation” (So‘ngi avlod) ekologik harakatining ikki a’zosi rassom Klod Monening “Pichanzor” asariga kartoshka pyuresini sepdi va qo‘llarini devorga yelim yordamida yopishtirib, o‘z qilmishlariga sabab sifatida iqlim muammolarini keltirishdi.
“Odamlar ochlikdan, sovuqdan o‘lmoqda. Biz iqlim falokati ostonasida yashayapmiz. Olimlarning aytishicha, 2050 yilda biz oilamizni boqolmaymiz. Biz ovqat uchun kurashishimizga to‘g‘ri kelayotgan bir vaqtda bu surat hech qanday qiymatga ega emas”, dedi ular
Bu yo‘sindagi harakatlarga qarshi eng samarali vositani nemislar topdi. O‘zlarini “Scientist Rebellion” (Olimlar qo‘zg‘oloni) deya nomlagan yana bir ekofaollar guruhi “Volkswagen” kompaniyasi muzeyidagi avtomobil atrofiga yelim orqali qo‘llarini yopishtirib, ochlik e’lon qildi. Aksiyadan maqsad avtomobillar atrof-muhitni ifloslantirayotganiga odamlarning e’tiborini qaratish edi. Hodimlar namoyishchilarni olib ketish uchun politsiyaga qo‘ng‘iroq qilmadi, balki ish vaqti tugaganidan so‘ng chiroqlar va isitish tizimini o‘chirib, muzey eshiklariga qulf ilib ketishdi. Bundan e’tiborsizlikdan tushkunlikka tushgan harakat ishtirokchilari ertasi kuni ovqat va tibbiy yordam so‘ragan.
Ushbu ekofaollar tomonidan amalga oshirilayotgan turli buzg‘unchilik harakatlarining biri ikkinchisiga ulanishdan to‘xtamayapti. Ularga hozircha faqat ma’muriy jazolar qo‘llanilmoqda.
LiveBarchasi