“Ekishdan oldin sotishni o‘ylash kerak”. Prezident Chinoz tumaniga tashrif buyurdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Toshkent viloyatining Chinoz tumaniga kelib, suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lumki, global iqlim o‘zgarishi tufayli suv resurslari taqchilligi yildan yilga kuchayib bormoqda. So‘nggi 50 yil davomida Markaziy Osiyodagi muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan. Qishloq xo‘jaligi ekinlari asosan egatlab sug‘orilmoqda. Ko‘p yerlar lazerli uskuna bilan tekislanmagan. Kollektor-drenaj tarmoqlari eskirgan. Bularning oqibatida suv juda ko‘p isrof bo‘lmoqda.

Lekin ayni paytda aholi soni o‘sib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga talab ortmoqda.

Shu bois davlat rahbari suvni tejash, uning aniq hisobini yuritish va samarali foydalanish zarurligini doim ta’kidlab keladi. 2020 yil 10 iyuldagi Prezident farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasida shu boradagi barcha masalalar o‘z ifodasini topgan. Ushbu konsepsiyaga muvofiq, joriy yil 24 fevralda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning uch yillik strategiyasi qabul qilindi. Unda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishni kengaytirish va davlat tomonidan rag‘batlantirib borish, bu sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.

Chinoz tumani Yangiobod qishlog‘idagi ekin maydoni aynan shunday ishlar natijasi. Bu joyda 1 million 350 ming dollar investitsiya evaziga 850 gektar yer qayta o‘zlashtirilgan. Jami 202 ming kub metr sig‘imga ega 3 ta suv havzasi barpo etilib, ekinlarni tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’lum qilinishicha, yangi qo‘riq yerning 702 gektariga qo‘shqator usulda, plyonka ostida “Andijon-72” navli paxta ekiladi. Buning uchun zamonaviy seyalkalar olib kelingan. Ular chigit ekish bilan bir vaqtda tomchilatib sug‘orish shlanglarini o‘rnatib, plyonka bilan yopib ketadi.

148 gektarda eksportbop poliz mahsulotlari yetishtiriladi. Jumladan, uning bir qismi ishsiz yoshlarga bo‘lib beriladi.

“Ekishdan oldin sotishni o‘ylash kerak. Yerni tadbirkorga berish zarur. Chunki u bozorni biladi, raqobatni biladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Qayta foydalanishga kiritilgan bu yerlarda 220 kishi doimiy, 1 ming 200 dan ziyod aholi mavsumiy ish bilan ta’minlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

205

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing