Egizaklarga homilador xotinini bo‘g‘ib o‘ldirgan erkakka hukm o‘qildi

3-sahifa

image

Toshkent shahri Chilonzor tumanida homilador xotinini bo‘g‘ib o‘ldirgan erkak 18 yilga qamaldi. Bu haqda Toshkent shahar sudining Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, marhuma muntazam ravishda eri bilan janjallashib, uning yaqinlarini haqoratlab kelgan. Buning oqibatida erkak ayolining gaplarini o‘zining erkaklik g‘ururiga teggan deb hisoblab, uni qasddan o‘ldirish niyatida bo‘lib yurgan.

Aniqlanishicha, 2022 yilning oktyabr oyida soat taxminan 12:00 larda Chilonzor tumanida joylashgan 20-mavzening chiqindi yig‘ish maydonchasidagi 1 xonali xonadonda erkak ayolining yolg‘izligidan foydalanib, o‘ylab yurgan jinoyatini amalga oshirgan. Er xotinining homilador ekaniga qaramasdan qo‘llari bilan bo‘g‘ib, o‘z turmush o‘rtog‘ini qasddan o‘ldirgan.

Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishining qo‘zg‘atilishiga xonadondan ayolning jasadi qotillik alomatlari bilan topilishi sabab bo‘lgan.

Sud tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, ayolning o‘limi – bo‘yin a’zolarini qattiq o‘tmas jism bilan siqilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiyadan yuz bergan. Bo‘yin sohasi shilinmasi, qontalash va yumshoq to‘qimalariga qon quyilishi aniqlangan. Ushbu jarohatlar uning hayotligida, o‘limidan biroz oldin qattiq jism bilan urilgani oqibatida hosil bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, marhumaning eri muqaddam 2020 yilda “Qasddan badanga yengil shikast yetkazish” jinoyatini sodir qilib sudlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgan shaxs 18 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing