Mashmashali “Oltin to‘p”
Tahlil
−
03 noyabr
4625Oxirgi yillarda hech intriga taqdim etmay kelayotgan “Oltin to‘p” marosimi bu safar dunyo futbolini yetarlicha hayajonda ushlab tura oldi. Ancha vaqt oldin egasi “Real” a’zosi Vinisius Junior deya taxmin qilingan sovrin kutilmaganda Man Siti futbolchisi Rodriga taqdim etildi. Bu esa tabiiyki “Real” va “Vinisius tarafdorlarining qaysidir ma’noda o‘rinli e’tirozlariga sabab bo‘ldi. “Oltin to‘p”dek nufuzli sovrin o‘z mavqeyini yo‘qotdi, degan fikrlar yangradi. Jahon futbolida ana shunday bahsli vaziyat yuzaga kelgan bir pallada o‘zimizning qorako‘zlar biri Fransiyada, biri Osiyoda eng yaxshi futbolchi bo‘lishni uddaladi.
Assalomu alaykum. Tushunib ulgurganingizdek, bugun sport dayjestida bahsli “Oltin to‘p”, Yevropa grandlari nishonida turgan o‘zbekistonlik futbolchilar Abbosbbek Fayzullayev va Abduqodir Husanov, shuningdek, O‘zbekistonda poytaxt gegemoniyasini tugatgan Qarshining “Nasaf” klubi haqida so‘z ochamiz. Biz boshladik.
Rodri “Oltin to‘p” sohibi bo‘ldi
29 oktyabrga o‘tar kechasi Fransiya poytaxti Parij shahridagi “Shatl” teatrida o‘tgan mavsum bo‘yicha futbol olamidagi eng yaxshilarni aniqlash marosimi bo‘lib o‘tdi va eng yaxshi futbolchi uchun taqdim etiladigan “Oltin to‘p” sovrinini “Manchester Siti” klubining ispaniyalik futbolchisi Rodri qo‘lga kiritdi.
Marosimdan oldin sovrinni qo‘lga kiritishi kutilgan Realning braziliyalik futbolchisi Vinisius Junior esa 2-o‘rinni qo‘lga kiritadi.
“Oltin to‘p” natijalaridan norozi bo‘lgan Madridning “Real” klubi esa Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqiga (UEFA) apellyatsiya kiritmoqchi.
Shunday qilib, Rodri 1960 yildan beri “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan birinchi ispaniyalik futbolchi bo‘ldi. O‘sha yili afsonaviy Luis Suares sovringa ega chiqqan edi.
Ayollar o‘rtasidagi eng yaxshi futbolchi deb “Barselona” a’zosi Aytana Bonmati e’tirof etildi.
“Real” nega Vinisiusga “Oltin to‘p” berilmaganining sababini aniqladi
O‘tgan mavsum yakunlari bo‘yicha “Oltin to‘p" sohibi “Manchester Siti” yarim himoyachisi Rodri bo‘ldi. Marosim oldidan aksariyat tahlilchilar va bukmekerlar “Real” vingeri Vinisius Junior sovrinni olishiga ishongan, biroq so‘nggi lahzada ispaniyalik futbolchi sovrinni qo‘lga kiritishi ma’lum bo‘ldi. Madrid klubi bu holatdan g‘azabda va sodir bo‘lgan voqea uchun kim javobgar ekanligini aniqladi.
Prezident Florentino Peres va boshqa “Real Madrid” rahbarlari bu vaziyatga UEFA prezidenti Aleksandr Cheferinning ta’siri katta bo‘lganiga ishonmoqda. Sababi, Peres va Madrid klubi futbol Superligasi tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlamoqda, UEFA prezidenti esa bunday turnirga keskin qarshi.
“Real Madrid” menga Vinicius g‘alaba qozongan yoki yo‘qligini bilish uchun bosim o‘tkazayotgan edi va ehtimol mening sukut saqlashim ularni Vini yutqazgan deb o‘ylashiga sabab bo‘ldi, shuning uchun ular marosimga kelmadi. Men bundan hayratdaman, lekin bu haqda gaplashib tunni o‘tkazishni xohlamayman. Men g‘olibimiz Rodri haqida gapirmoqchiman”, deydi “France football” muharriri.
Qayd etish joiz, garchi “Real” a’zolari “Oltin to‘p” topshirish marosimining bir nechta nominatsiyalarida g‘olib bo‘lgan bo‘lsa ham, “qirollik klubi”dan Parij shahridagi “Shatl” teatri mezbonlik qilgan marosimga hech kim bormadi.
Futbol olamidagi eng yaxshilar aniqlandi
29 oktyabrga o‘tar kechasi Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tkazilgan “Oltin to‘p” topshirish marosimida yilning eng yaxshi futbolchisidan tashqari, boshqa bir nechta nominatsiyalarda ham g‘oliblar aniqlandi.
Jumladan, Madridning “Real” klubi ustozi Karlo Anchelotti o‘tgan mavsumning eng yaxshi murabbiyi bo‘ldi. Ayollar futbolidagi eng yaxshi murabbiy deb “Chelsi” ustozi Emma Hayes e’tirof etildi.
Argentina terma jamoasi va Angliyaning “Aston Villa” klubi posboni Emiliano Martines yilning eng yaxshi darvozaboni bo‘ldi.
Eng yaxshi erkaklar jamoasi sovrinini “Real Madrid”, ayollar jamoasi mukofotini esa “Barselona” qo‘lga kiritdi.
Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi “Barselona” a’zosi Lamin Yamal bo‘ldi.
Eng yaxshi hujumchi sifatida “Bavariya” a’zosi Xarri Keyn va “Real” vingeri Kilian Mbappe qayd etildi.
Abbosbek Fayzullayev Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘ldi
29 oktyabr kuni Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida Osiyo qit’asi bo‘yicha futbol olami vakillarining eng yaxshilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Rossiyaning SSKA klubi a’zosi Abbosbek Fayzullayev qit’ada yilning eng yaxshi yosh futbolchisi, deb e’tirof etilib, maxsus sovrin bilan taqdirlandi. Fayzullayevdan tashqari yana ikki futbolchi yaponiyalik Gaku Navata va janubiy koreyalik Bae Jun-ho sovringa da’vogarlik qildi.
Ma’lumot uchun, Abbosbek Fayzullayev O‘zbekistonning eng qimmat futbolchisi hisoblanadi. 21 yoshli futbolchi shu vaqtga qadar O‘zbekiston milliy terma jamoasida 21 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol urgan va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi. “Transfermarkt”ga ko‘ra, futbolchining qiymati 6 million yevroni tashkil etadi.
Abduqodir Husanov “Lans”da oyning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Fransiyaning “Lans” klubi a’zosi Abduqodir Husanov klubining oktyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Oktyabr oyida 20 yoshli Husanov jamoasining barcha o‘yinlarida ishtirok etib, to‘liq 90 daqiqa harakatlandi. Joriy mavsumda esa himoyachi “Lans” safida jami 11 ta o‘yinda maydonga tushdi.
Oyning eng yaxshi futbolchisini aniqlash bo‘yicha ovoz berish jarayonlarida o‘zbekistonlik futbolchi jamoadoshlari Fakundo Medina va Andi Diuf kabi futbolchilarni katta farq bilan ortda qoldirdi. Husanov 82,84 foiz ovoz bilan yetakchi bo‘ldi.
“Nasaf” muddatidan avval O‘zbekiston chempioni bo‘ldi
1 noyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘yinlari davom ettirildi. Tur doirasida Toshkentning “Lokomotiv” klubi Qarshining “Nasaf” jamoasini qabul qilib, kichik hisobda imkoniyatni boy berdi.
Uchrashuvning 1-bo‘limida qator vaziyatlar yuzaga keltirilgan bo‘lsa ham, hisob ochilmadi. 1-taym faqatgina “temiryo‘lchilar” a’zosi Ivan Rogachning hakam tomonidan o‘yindan chetlatilishi bilan esda qoldi.
2-bo‘limning 73-daqiqasida qarshiliklarning hujumini Akmal Mozgovoy gol bilan yakunladi. Futbolchi jamoadoshining uzatmasini qaychi uslubida “Lokomotiv” darvozasiga yo‘llab, o‘yindagi yagona golni kiritdi.
Shunday qilib, “Nasaf” o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritib, Toshkent klublarining chempionatdagi 22 yillik gegemoniyasiga barham berdi.
LiveBarchasi