Endi qishloq xo‘jaligi yerlari yangi mexanizm asosida ajratiladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 28 dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 apreldan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyatining Qibray va Toshkent tumanlarida, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona va Oltiariq tumanlarida hamda Qashqadaryo viloyatining Kitob va Nishon tumanlarida jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun shaffof va ochiq tanlov o‘tkazish orqali ajratish mexanizmi joriy etiladi.

Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarga keyinchalik tanlovga qo‘yish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish huquqini taqdim etgan holda maxsus geoportal orqali yer uchastkasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish huquqi beriladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish huquqining bozor qiymatini baholash hamda ulardan soliqqa tortishda foydalanish mexanizmi qo‘llaniladi.

Qarorga muvofiq, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning vakolat va faoliyat yo‘nalishlari funksional baholash mezonlari asosida qayta ko‘rib chiqiladi.

2020 yil 1 mayga qadar yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda sohada davlat boshqaruvi tuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha choralar amalga oshiriladi.

2020 yil 1 martdan boshlab agrosanoat majmuiga kiruvchi ilmiy, ilmiy-tadqiqot va ilmiy-tajriba muassasalarining bino va inshootlarini saqlash, xodimlar mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy moliyalashtirish shartlariga o‘tkaziladi.

Qaror bilan 2020-2021 yillarda Davlat byudjeti hisobidan bazaviy moliyalashtirishga o‘tkaziladigan agrosanoat majmui tarkibiga kiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ro‘yxati tasdiqlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

86

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing