Ehtiyot bo‘ling, “Georgiy lentasi”!
Tahlil
−
01 may 2019
32210Bu kunda kelajak avlod tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lganlar xotirlanadi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, faxriylar holidan xabar olinadi. Shu tariqa moziyga nazar solinib, tinchlik ne’mati ulug‘lanadi.
Mamlakatimizda 9 may – Xotira va Qadrlash kuni, umumxalq bayrami ana shunday keng nishonlanadi.
Ayniqsa, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan urush qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor butun xalqimizni xursand qilmoqda. O‘tgan yillarda ularga beriladigan pul miqdori sezilarli darajada oshirilib, bu yil uning miqdori 7 million 500 ming so‘m (900 dollar)ni tashkil etgani, bir nafar hamrohi bilan Haj ziyoratiga yuborilgani, Kislovodsk shahridagi O‘zbekiston sanatoriysiga va mamlakatimiz sanatoriylariga bepul davolanishi tashkil etilgani va boshqa g‘amxo‘rliklarni xalqimiz minnatdorlik bilan e’tirof etmoqda.
Ammo yaqin uch-to‘rt yildan buyon mamlakatimizda 9 may arafasida “Georgiy lentasi”ni tarqatish aksiyasi o‘tkazilmoqda. Bu ishga bosh qo‘shayotgan fuqarolarimiz bu lenta aslida qanday ma’no anglatishidan bexabar bo‘lib, o‘z xatti-harakatini Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba bilan bog‘lamoqda.
Xo‘sh, aslida-chi?
Georgiy lentasi o‘zi nima? Uning ikkinchi jahon urushiga, g‘alabaga qanday aloqasi bor?
“Georgiy lentasi” uch qator qora va ikki qator to‘q sariq rangdan iborat bog‘ich. Bu ranglar nimani anglatishi haqida turli qarashlar bor.
Tarixdan ma’lumki, Yekaterina II 1769 yilning 26 noyabrida rus-turk urushi davrida avliyo Georgiy ordeni va tasmasini joriy etadi. Orden va tasma bilan ilk bor shu urushda jasorat ko‘rsatgan rus harbiylari mukofotlangan. Shu tariqa rus harbiylarining ordenlari ana shu bog‘ich bilan bezatiladigan bo‘ldi.
Bu odat chor Rossiyasining Turkiston o‘lkasiga bosqinchilik yurishlari davrida boshqacha ma’no kasb etdi. Xiva xonligi, Qo‘qon xonligi va Buxoro amirligini bosib olgan rus zobitlari va generallari uchun maxsus – “Qo‘qon xonligini zabt etgani uchun”, “Markaziy Osiyoga yurishi uchun”, “Xiva xonligiga yurishi uchun” kabi medallar ta’sis etildi.
Medal va uni bezab turgan “Georgiy lentasi” mardlik va jasorat ko‘rsatilgani uchun emas, aksincha aynan bosqinchilik qilgani, bizning uyimizni, Ona Vatanimizni bulg‘agani, vayronaga aylantirgani uchun mustamlakachi chor Rossiyasining harbiylariga berilgan.
Markaziy Osiyoni bosib olishda chor Rossiyasi har qanday xunrezlikdan, razillikdan qaytmagani tarixdan ma’lum. Shahar va qishloqlarimizning kuli ko‘kka sovurilgani, begunoh odamlarning qoni daryo-daryo oqizilgani, uylarga o‘t qo‘yilgani, erkak zoti borki, vahshiylarcha o‘ldirilib, ayollar xo‘rlangani, qul qilingani, zo‘rlangani, nomusi bulg‘angani, hatto bolalar chavaqlab tashlangani, homilador ayollarning qorni qilich bilan yorib tashlanib, homilasi ham, o‘zi ham jon taslim qilgani haqida tarixiy dalillar istagancha topiladi. Tarix tarix bo‘lib, odamzot yaratilib bunday zo‘ravonlik, vaxshiylikni, xo‘rlikni ko‘rmagan, deb yozadi ayrim tarixchilar.
Xalqimiz boshiga balolar yog‘dirgan, ofat, kulfat, musibat keltirgan ana shu “qahramon”lar chor Rossiyasi tomonidan “Georgiy tasmasi”ga ilingan ordenlar bilan mukofotlangan.
Birgina misol. “Qo‘qon xonligini zabt etgani uchun” medali Qo‘qon shahrida qirg‘in uyushtirgan, bolalar, ayollar, qariyalarning qonini ko‘chalarda daryodek oqizgan, shaharni talagan armanlarning dashnaksutyun diviziyasi qonxo‘rlariga mukofot sifatida berilgan.
Nega endi biz bu lentani ko‘ksimizga taqib yurishimiz kerak? Ota-bobolarimiz, ayollarimizni xo‘rlaganlarni olqishlash uchunmi? Ajdodlarimizning pok ruhlarini toptash, haqoratlash uchunmi?
“Georgiy tasmasi” nega kerak bo‘lib qoldi?
XIX asrning 50 yillari. Butun dunyo Ikkinchi jahon urushi oqibatlarini boshidan o‘tkazayotgan, vayron bo‘lgan mamlakatlar tiklanayotgan davr. Ana shunday bir paytda eski mafkura ramzi bo‘lgan “Georgiy lentasi” chor Rossiyasi davridagi mustamlakachilik va bosqinchilik yurishlarining muvaffaqiyatiga ishora sifatida qayta tiklanadi. Ammo bugun “Georgiy lentasi”ni mafkura bilan bog‘lashni inkor etuvchilar ham oramizda topilishi mumkin.
Xo‘sh, bu lenta mamlakatning mard va jasur o‘g‘lonlariga beriladigan bo‘lsa, nega 1917 yilgi inqilobdan so‘ng “Georgiy lentasi” bekor qilindi? Yangi hokimiyatga mard va jasur o‘g‘lonlar kerak emasmidi?
Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasi hududida rangli bog‘ich Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabani ifodalaydigan ramziy belgi sifatida qabul qilindi va bunga Rossiya Federatsiyasining milliy qadriyatlari asosida ta’sis etilgan davlat belgisi sifatida qarala boshlandi.
Aslini olganda hozirgi kunda bizni o‘ylantirayotgan masala boshqa. 2005 yildan buyon 9 may arafasida Rossiya tomonidan “Georgiy lentasi” tarqatiladi.
Axir, har bir davlat milliy qadriyatlarini inobatga olib, milliy siyosat va mafkurasidan kelib chiqqan holda joriy qilgan turli mukofot va davlat ramzlarini faqat o‘z hududi, xalqi orasida targ‘ib qilishi kerak emasmi? Dunyoning boshqa hech bir mamlakatida ramziy belgi sifatida qaralmaydigan, qadrlanmaydigan, biror bir qimmatga ega bo‘lmagan “Georgiy lentasi”ni mustaqil O‘zbekiston Respublikasi hududida, keng jamoatchilik orasida targ‘ib qilishga urinish ortida qanday maqsadlar yashiringan?
Markaziy Osiyo mamlakatlari munosabati
“Georgiy lentasi”ni targ‘ib qilish tadbirlari nafaqat O‘zbekistonda balki qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda ham keng avj olgan. Xo‘sh, ushbu masalaga qo‘shni davlatlarda qanday munosabat bildirilmoqda?
“Otkrыtaya Aziya onlayn” nashrida yozilishicha 2018 yilning aprel oylarida bir guruh yoshlar Ostona (hozirgi Nursulton) shahri hokimiga “Georgiy lentasi”dan foydalanishni taqiqlashini so‘ragan. Ularning murojaatida quyidagilar qayd etiladi:
“Ukrainadagi voqealar boshlanganidan buyon ushbu tasma Ukraina Sharqida separatizm rangiga aylanib ulgurdi. “Georgiy lentasi”ni taqib yurish aks etgan fotosuratlar va tasvirlar internetda ko‘plab tarqatilayotgani odamlar orasida salbiy kayfiyat uyg‘otmoqda”.
Buning o‘rniga Qozog‘istonda ko‘k, Qirg‘izistonda qizil-sariq rangli milliy tasmalar joriy qilingan. 9 may arafasida yoshlardan iborat targ‘ibot guruhlari milliy ruhdagi bog‘ichlarni tarqatadi.
Mamlakatimizda ham ana shunday milliy ruhdagi Sharaf lentasi joriy qilingan. Odamlar gavjum joylar, ko‘chalar, maydonlar, bog‘larda yoshlar Sharaf lentasini tarqatmoqda. Bayrog‘imiz tasviri aks etgan lenta ko‘ksimizga qanday yarashib turganiga bir qarang! Sharaf lentasini g‘urur, iftixor, sharaf bilan taqib yurganlarni ko‘rib havasingiz keladi.
Ikkinchi jahon urishida qozonilgan g‘alabaga hech qanday aloqasi bo‘lmagan, ajdodlarimizni qirg‘in qilgani, uyimizni kuydirgani, ahli ayolimizni badnom qilgani uchun berilgan “Georgiy lentasi”ning asl mohiyatini bilgan, bu lenta kimga va nima uchun berilganini tushungan hech bir o‘zbek farzandi uni tarqatmasligiga, ko‘ksiga aslo taqmasligiga, hatto qo‘liga ushlashdan hazar qilishiga shubhamiz yo‘q.
LiveBarchasi