Ehson bahonasida odamlardan pul olganlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi (video)

3-sahifa

image

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir necha shaxslarning odamlar bilan intervyu olish bahonasida gaplashib, ulardan firibgarlik yo‘li bilan pul yig‘ayotgani aks etgan video tarqaldi va muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, holat bo‘yicha poytaxt IIBB hamda Chilonzor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar olib borilgan.

Natijada mazkur ishda gumonlangan 3 nafar shaxs qo‘lga olingan. Ular fuqarolar bilan intervyu olish bahonasida suhbatlashib, ulardan firibgarlik yo‘li bilan masjid qurilishi, nogironlarga yordam kabi bahonalar bilan pul yig‘ayotgani ma’lum bo‘lgan. Ulardan daliliy ashyo sifatida pul mablag‘lari xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

“Odamlardan ehsonlikka deb ko‘pincha “Xalqlar do‘stligi” metrosidan chiqqanda, Magic city, uni ichida pul olinardi. “Ehsonlikka, yaxshilikka hissangizni qo‘sha olasizmi?”, deb pul so‘rardik. Berganlar 10 ming, 20 ming ham berardi. Boshqa takrorlanmaydi. Xalqimizdan uzr so‘rayman”, deydi ulardan biri.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Fuqarolardan bu kabi shaxslarga pul bermaslik, shunday holatga duch kelgan taqdirda darhol ichki ishlar organlariga xabar berish so‘raladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur shaxslarning qo‘lga olingani xabar qilingan edi. Ularning orasida 2004 yilda tug‘ilgan Sh.S., 2001 yilda tug‘ilgan S.S. va 2004 yilda tug‘ilgan T.A.lar bor.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Ehson bahonasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing