Dushanbe Bishkekni faktlarni buzib ko‘rsatishda aybladi

Olam

image

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imanqulovning bayonotlaridan noroziligini bildirib, ular ikki davlat jamoatchiligini chalg‘itayotganiga ishora qildi. 

“Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imanqulovning 2022 yil 19 sentyabrdagi intervyusi munosabati bilan Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi shuni ma’lum qiladiki, faktlarni manipulyatsiya qilish va buzib ko‘rsatishga asoslangan bunday bayonotlar ikki davlat jamoatchiligini chalg‘itishga qaratilgan”, deyiladi bayonotda. 

Tashqi ishlar vazirligi Imonqulovning aynan qaysi bayonotlari haqida gap borayotganiga aniqlik kiritmagan. Ommaviy axborot vositalarida keskinlikning kuchayishi Tojikiston uchun nomaqbul ekanligi ta’kidlangan.

Kecha, 19 sentyabr kuni Qirg‘iziston Xavfsizlik Kengashi kotibi matbuot anjumanida Tojikiston tomoni Qirg‘iziston bilan chegaradagi yaqinda ro‘y bergan harbiy mojaro chog‘ida safarbarlik o‘tkazgani, shuningdek, xalqaro terrorchi va ekstremistik tashkilotlar safidagi xorijiy yollanma askarlardan foydalanganini aytdi. 

Bir kun avval ikki davlat maxsus xizmatlari rahbarlari umumiy chegaradan qo‘shimcha harbiy kuch va texnikani olib chiqib ketish va chegara hududlari aholisi xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risidagi protokolni imzolagan edi. 

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida mojaro

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaradagi vaziyat 14 sentyabr kuni Botken viloyatidagi uchta uchastkada chegarachilar o‘rtasida otishma boshlanganidan keyin keskinlashdi. Tomonlar bir necha bor o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olganiga qaramay, kelishuvlar har safar muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Qirg‘iziston rasmiylari Tojikistonni chegaraga og‘ir harbiy texnikani tortib kelishda va Qirg‘iziston hududini o‘qqa tutishda “barcha mavjud arsenaldan” foydalanganlikda aybladi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi to‘qnashuv zonasidan 136 ming kishi evakuatsiya qilingani, Botken viloyatida favqulodda holat rejimi joriy etilganini haqida ma’lum qildi. 

Ayni paytda Tojikiston qirg‘iz kuchlarini Tojikiston chegarasidagi qator aholi punktlarini “og‘ir qurollardan” o‘qqa tutishda aybladi. Hozirda ikki davlat o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlarni chegara hududidan olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga amal qilmoqda.

Ikki davlat chegarasida 70 ga yaqin bahsli uchastkada belgi qo‘yilmagani sababli muntazam ravishda mojarolar chiqib turadi. Umuman olganda, 2022 yil iyul oyi holatiga ko‘ra, mamlakat chegaralarining 972 kilometridan 600 kilometrga yaqini kelishilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston-Tojikiston chegarasida mojaro

Baholaganlar

41

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar