Dushanba dramasi: Fransiya Yevro-2020 ni qanday tark etdi?

Sport

image

Kecha, 28 iyun kuni Yevro-2020 doirasida Fransiya terma jamoasi Shveysariyaga qarshi bahs olib bordi. Musobaqaning 1/8 final uchrashuvi Buxarestdagi (Ruminiya) “Milliy” stadionida bo‘lib o‘tdi. O‘yinning asosiy va qo‘shimcha vaqtlari 3:3 hisobi bilan yakunlandi. Penaltilar seriyasi 5:4 hisobida shveysariyaliklar foydasiga hal bo‘ldi.

Fransiya va Shveysariya o‘rtasidagi qarama-qarshilik dramatik ssenariy asosida o‘tdi. 15-daqiqada shveysariyaliklar hisobni ochdi. Gol Stiven Suberning uzatmasidan so‘ng, Xaris Seferovich tomonidan kiritildi. Birinchi bo‘lim Shveysariyaning g‘alabasi bilan yakunlandi. Jamoa a’zolari ikkinchi bo‘limda hisobdagi farqni yanada oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi, ammo Rikardo Rodrigez penaltidan foydalana olmadi. Bu vaziyatda Fransiya posboni Ugo Loris zarbani bartaraf etdi.

Keyin eng mashhur futbol qonuni amalda o‘z isbotini topdi: “sen gol urmasang, senga urishadi”. Penaltidan so‘ng darhol Fransiya hisobni tenglashtirdi. 57-daqiqada Karim Benzema gol urdi. Ikki daqiqadan so‘ng Benzema dubl qayd etib, jamoasini oldinga olib chiqdi. 75-daqiqada Pol Pogbaning super zarbasidan so‘ng Fransiya 3:1 hisobida oldinga chiqib oldi. 

Uchrashuv “xo‘rozlar”ning g‘alabasi bilan tugaydigandek taassurot uyg‘ondi. Biroq yakunda kutilmagan voqealar sodir bo‘ldi. 81-daqiqada Shveysariya Xaris Seferovichning harakatlari bilan bitta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. O‘yinga intriga qaytdi. Hujumlar qilishdan to‘xtamagan Shveysariya 90-daqiqada Mario Gavranovichning goli evaziga vaziyatni tikladi. 

Qo‘shimcha daqiqalarda har ikki jamoa o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qola oldi. Penaltilar seriyasida shveysariyaliklar kuchliroq va omadliroq bo‘lib chiqdi. Fransiya terma jamoasi uchun hal qiluvchi zarbani Kilian Mbappe golga aylantira olmadi.

Musobaqa davomida raqiblar darvozasiga yo‘l topa olmagan Kilian o‘yindan so‘ng quyidagicha post qoldirdi: 

“Vaziyatga izoh berish juda qiyin. Mag‘lubiyatdan so‘ng barcha tushkun holatda. Bu uchun uzr so‘rayman. Men jamoaga yordam bermoqchi edim, ammo bunday  bo‘lmadi. Uyquga ketish qiyin bo‘ladi, ammo, men ushbu sport turining past-balandlarini juda yaxshi ko‘raman. Bilaman, muxlislarning hafsalasi pir bo‘lgan, ammo baribir bizni qo‘llab-quvvatlaganingiz va doim bizga ishonganingiz uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Eng muhimi, kelgusi bellashuvlarda yanada kuchliroq bo‘lish. Shveysariyani tabriklayman va omad tilayman ”.

Shveysariya chorak finalda  Ispaniya terma jamoasi bilan bahs olib boradi. Uchrashuv g‘olibi yarim finalda Italiya yoki Belgiya termalari bilan to‘qnash keladi.

Humoyun Oripov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

145

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing