Dunyoning eng baxtli va baxtsiz davlatlari reytingi e’lon qilindi. O‘zbekistonning o‘rni qanday? 

Bu qiziq

image

Hanke's Annual Misery Index (HAMI) 2022 yil uchun dunyoning eng baxtli va baxtsiz mamlakatlari reytingini e’lon qildi

Qayd etilishicha, reyting ishsizlik darajasi, inflyatsiya va bank kreditlari stavkalari yig‘indisi, aholi jon boshiga real yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sish foizi kabi ko‘rsatkichlarga asoslanib tuzilgan. Qashshoqlik indeksi g‘oyasi AQSH Prezidenti Lindon Jonson ma’muriyati davrida Iqtisodiy maslahatchilar kengashining raisi bo‘lib ishlagan taniqli iqtisodchi Artur Okundan kelib chiqqan.

Qashshoqlik indeksining bu yilgi ro‘yxatidan 157 ta davlat o‘rin olgan. Unda Afrikaning janubi-sharqidagi Zimbabve davlati aholisi dunyoda eng baxtsiz deb baholangan. Bunga sabab sifatida esa yuqori inflyatsiya darajasi keltirilgan. Mamlakatda 2020 yil 319 foizlik giperinflyatsiya kuzatilgan. Zimbabvening yalpi ichki mahsuloti hajmi 20,2 milliard dollarga teng bo‘lib, bu bo‘yicha jahonda 129 o‘rinda turadi. Aholi jon boshiga daromad 1737 dollar

O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti hajmi o‘tgan yilda 5,7 foizga o‘sib, 80,3 milliard dollarga yetgan. Aholi jon boshiga daromad miqdori esa 2255 dollarni tashkil etgan. 

Zimbabvedan keyingi o‘rinlarda Venesuela, Suriya, Livan, Sudan, Argentina, Yaman, Ukraina, Kuba va Turkiya kabi mamlakatlar eng baxtsiz davlatlarning o‘nligini tashkil etgan. O‘ntalikdagi davlatlar ichida Suriya va Ukrainadagi baxtsizlikka ishsizlik darajasining yuqoriligi sabab bo‘lgani qayd etilgan bo‘lsa, qolgan davlatlarning barchasida inflyatsiya darajasi yuqori bo‘lgan. 

O‘zbekiston esa ro‘yxatning 46 pog‘onasida joylashib, mamlakatning baxtsizlik indeksi 44,4 ga baholangan. Davlatning baxtsizlik darajasiga eng ko‘p ta’sir qiluvchi omil esa bank kredit stavkasining yuqoriligi bo‘lgan. Statistikaga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonning kredit stavkasi 22,10 foiz bo‘lib turibdi. 

Markaziy Osiyoning yana bir davlati Qozog‘iston ro‘yxatda ham O‘zbekiston bilan yonma-yon joylashgan – 47-o‘rin. Mamlakatning asosiy muammosi inflyatsiyaning yuqori ko‘rsatkichi ekani qayd etilgan. Hozirda Qozog‘istonda 14 foizdan yuqoriroq shiddatli inflyatsiya kuzatilmoqda. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich ayni paytda 11 foizni tashkil etyapti. Qirg‘iziston ro‘yxatning 57-o‘rnida qayd etilib, qo‘shni davlatning asosiy muammosi ham O‘zbekistonniki singari bank foiz stavkasining yuqoriligi ma’lum qilingan. 

MDH davlatlaridan Belarus – 59, Ozarbayjon – 62 va Rossiya 76-o‘rinda qayd etilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyoning eng boy va qashshoq mamlakatlari ro‘yxati ma’lum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

baxtsizlik ko'rsatkichi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar