Dunyoning birinchi raqamli milliarderi o‘zining fazoviy kemasida kosmosga sayohat qildi (video)

Olam

0:00
0:00
download

Bugun, 20 iyul kuni Amazon asoschisi, amerikalik Jeff Bezos “Blue Origin” kompaniyasining “New Shepard” kosmik kemasida birinchi suborbital parvozini muvaffaqiyatli yakunladi. 

AQSHning Texas shtati Van-Xorn shahrida amalga oshirilgan parvoz mahalliy vaqt bilan tong soat 09:10da (Toshkent vaqti bilan 18:10) boshlanib, taxminan 11 daqiqa davom etgan. Qayd etish kerakki, ushbu kosmik sayohatning aynan bugun amalga oshirilishi Amerikalik astronavtlarning 1969 yil 20 iyulda Oyga qadam qo‘yish sanasi bilan bog‘liq. O‘sha tarixiy kunga ham 52 yil to‘ldi.   

Parvozdan oldin Bezos Amerika telekanallariga bir nechta intervyular bergan. U kosmosga sayyohlik parvozlarini tashkil etishni rejalashtirayotgan boshqa tadbirkorlar bilan raqobatlashishga intilmasligini aytgan. 

“Kosmosga birinchi bo‘lib bir odam chiqqan. Uni Yuriy Gagarin deyishardi. Bu voqelikka ancha bo‘lgan. Menimcha, men kosmosga chiqqan 570-odam bo‘lsam kerak. Bu raqobat emas, balki kelajak avlodlar kosmosda aql bovar qilmaydigan ishlarni amalga oshirishi uchun kosmosga yo‘l ochishdir”, deydi tadbirkor.

Kema ekipaji milliarderdan tashqari uning ukasi Mark, aviakosmik sanoat faxriysi —kosmik parvozlar bo‘yicha tarixdagi birinchi ayol instruktor, 82 yoshli Uolli Fank va niderlandiyalik 18 yoshli student Olive Deymandan iborat bo‘ldi. Olivega kosmosga uchish chiptasini milliarder otasi auksionda sotib olib bergan.

“Bloomberg Billionaires Index” ma’lumotlariga ko‘ra, Jeff Bezos ayni vaqtda dunyoning eng boy odami hisoblanadi. Uning moliyaviy holati 204 milliard AQSH dollariga baholangan. Bezosning eng yaqin ta’qibchisi Ilon Mask bo‘lib, u ham fazoga qiziqadi va bu borada bir qancha loyihalari bor. Shunday qilib, Maskning boyligi 178 millard AQSH dollariga teng.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

270

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing